Intervyu. Lutfulla To'raev: "Hozir pasportga qarashning vaqti emas"

Narzulla Saydullayev
4 okt 2019
"Bunyodkor" klubi va O'zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Lutfulla To'raev 3 oktyabr kuni championat.asia saytiga qisqa intervyu berdi.

"2 oktyabr kuni yig'inni boshladik. Bir kun avval Superligada tur o'yinlari bo'lib o'tgani bois dastlabki kun asosan tiklanish mashg'ulotlarini bajardik. Bugundan (3 oktyabr) to'laqonli mashqlarni bajarishni boshlaymiz", - deb gap boshladi To'raev.

- 4 yillik tanaffusdan so'ng yana terma jamoaga chaqiruv oldingiz. Nimalarni his qilayapsiz?

- Hissiyotlar o'zgacha. Baribir milliy terma jamoada o'ynash boshqacha. Qo'limdan kelganicha vatanimiz jamoasiga yordam berishga harakat qilaman.

- O'zingiz ham kuzatayotgan bo'lsangiz, muxlislar tomonidan yoshingiz bilan bog'liq tanqidlar ko'p aytilmoqda...

- Hozir yosh yoki pasportga qarashning vaqti emas deb o'ylayman. Masalan, Rossiya terma jamoasida 36-37 yoshli futbolchilar o'ynamoqda. Hozir 31 yoshdaman va o'zimni qari deb o'ylamayman. Terma jamoaga loyiq ekanligimni maydonda isbotlashga bor kuchimni beraman va xalqimizni g'alabalar bilan xursand qilishga harakat qilamiz.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia