Husniddin G'ofurov “Yavor”dagi ilk golini kiritdi

Narzulla Saydullayev
5 avg 2013
Oldin xabar berib o'tganimizdek, iqtidorli hujumchi Husniddin G'ofurov yaqinda birinchi liga jamoasi “NBU-Osiyo”dan “Yavor”ga o'tgandi.
Serbiya premer ligasi ishtirokchisi bo'lgan ushbu jamoa ayni paytda yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko'rmoqda. Bosh murabbiy Bogicha Bogichevich mashg'ulot o'tkazish bilan birga futbolchilarni sinov-nazorat o'yinlari orqali ham sinab ko'rmoqda. Va shu orqali 10 avgustda boshlanishi kutilayotgan bo'lajak chempionatga qadar asosiy tarkib o'zagini aniqlab olishga harakat qilmoqda.

Ivanica jamoasi bo'lmish “Yavor” yaqinda mahalliy klublardan biri “FAP” jamoasiga qarshi o'rtoqlik o'yinida ishtirok etdi. Mazkur bahsda murabbiylar Husniddin G'ofurovni dastlabki daqiqalardan boshlab maydonga tushirdi. Xorijdagi yosh legionerlarimizdan biri bo'lib turgan G'ofurov ham o'z navbatida maydonni golsiz tark  etmadi. Boisi uchrashuvning 49-daqiqasida hujumchimiz o'z hisobiga gol yozib qo'ydi. Bu uning yangi jamoasidagi ilk goli bo'ldi.

O'yinda “Yavor” 4:0 hisobida muvaffaqiyat qozonganini aytib o'tish kerak.

Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia