YCHL: Bugun ko'rishingiz shart bo'lgan o'yin haqida

Aslanov Jasurbek
15 avg 2017, 19:12
Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqish yo'lidagi so'nggi bosqichda 20ta jamoa yo'llanma uchun kurashadi.

Bugun 5ta uchrashuv va ertaga ham 5 o'yin o'tkaziladi.

Shu yo'l bilan Yevropa chempionlar ligasiga yo'llanma oladigan yana 10ta jamoa nomini bilib olamiz.

Odatda YCHL saralash bosqichini ko'pchilik ham katta qiziqish bilan kuzatmaydi. Ammo so'nggi bosqichda bazi kuchlilar ishga kirishayotganda ko'pchilikning nazari baribir YCHL tomon tushadi.

Masalan bu safar "Liverpul" ishqibozlarining diqqat-e'tiborlari YCHLning so'nggi saralash bosqichiga qaratilishi shubhasiz.

Jamoa joriy mavsumda YCHLda o'ynashi yoki Yevropa ligasi bilan cheklanib qolishi aynan shu o'yinga bog'liq bo'ladi.

Shuningdek, ko'pchilik uchun qiziq bo'lgan "Napoli" jamoasi ham YCHL guruh bosqichiga yo'llanma olish payida bugun ishga kirishadi.

Eng qizig'i, ularning raqiblari ham anoyilardan emas.

"Liverpul"ni Germaniyada o'tgan yili shovqin ko'targan Yulian Nagelsmannning "Xoffenxaym" jamoasi bo'lsa, "Napoli" Balotelli to'p surayotgan "Nicca" bilan Yevropaning eng nufuzli turnirida ishtirok etish uchun kurashadi.

YCHL saralash bosqichidagi eng ko'zga ko'ringan va e'tiborda bo'ladigan ikkita to'qnashuv aynan shular.

Shu boisdan ham bugun va ertaga tunda futbol shaydolari uyqudan voz kechishlariga to'g'ri keladi.

"Liverpul" ayni paytda o'z yetakchisi Koutinoni sotish arafasida turibdi va bugun braziliyalik futbolchi jamoasiga yordam bera olmaydi. Futbolchi uchrashuv qaydnomasiga ham kiritilmagan va jamoa bilan Germaniyaga bormagan. Demak Klopp yangi mavsumda Koutinosiz o'ynash uchun chinakamiga taraddud ko'raversa bo'ladi.


Lekin hozirda Kloppning e'tibori bunda emas, Koutinodan ham muhimroq bo'lgan o'yin bo'sag'asida turgan mersisaydliklarni juda jiddiy chorlov kutmoqda.

"Liverpul"ning raqibi "Xoffenxaym" o'tgan yili Germaniya Bundesligasida to'rtinchi o'rinni qo'lga kiritgan va YCHL yo'llanmasi uchun bo'lgan kurashda bir qator nomdor jamoalarni ortda qoldirishni uddalagandi.

30 yoshli Yulian Nagelsmann barpo etayotgan jamoa tobora barchaning tiliga tushmoqda.

Bundesligada o'z xunarlari bilan tanilgan Nagelsmann endi yevropa arenalarida ham o'zining murabbiylik salohiyatini ko'rsatishni maqsad qilgan.

Kamtar murabbiy o'ziga o'xshagan kamtarin jamoa bilan yuqori maqsadlar sari intilishda davom etmoqchi.

"Liverpul" murabbiyi Yurgen Klopp kabi hammasini boshidan boshlayotgan Nagelsmannning birinchi yurishiyoq ancha shov-shuvli chiqmoqda. Bilasiz, Klopp Dortmunddan oldin "Maync"dagi ishlari bilan ko'pchilikning mehrini qozongandi va Dortmundda u chinakamiga top murabbiylar ro'yxatidan o'rin olgandi.

Yulian Nagelsmannning kelajagini ko'pchilik Myunxenda ko'rmoqda. Karlo Anchelottidan keyin "Bavariya" ruliga kelishi kutilayotgan ushbu mutaxassis o'zining nimalarga qodir ekanligini yana bir bor katta masshtabda ko'rsatishi lozim.

Agarda ushbu ishni uddalay olsa, Yulian Nagelsmannning xizmatlariga nafaqat "Bavariya", balki ko'plab yevropa grandlari mahliyo bo'lib qolishlari tayin.

Ammo Yurgen Klopp bunga shunchaki qarab o'tirmoqchi emas. Klopp "Liverpul" muxlislari istayotgan va sog'inib qolgan Yevropa chempionlar ligasiga jamoasini olib chiqmoqchi.

Nafaqat "Liverpul" yoki uning muxlislari, balki Yurgen Kloppning o'zi ham YCHL havosidan nafas olishni qumsagan.

"Xoffenxaym" esa o'z tarixida ilk bor YCHLda o'ynash imkoniyati tug'ilganidan xursand va ular ushbu imkoniyatdan maksimum foydalanishmoqchi.

Kim YCHL yo'llanmasini qo'lga kiritishi hozircha noma'lum. Anig'i shuki, bizni ikkita murosasiz va qiziqarli o'tishi kafolatlanayotgan uchrashuv kutmoqda.

Germaniyada ham, kelasi haftada esa Angliyada ham jamoalar muxlislarni to'lqinlantirib yuboradigan, shiddatkor futbol namoyish etishadi.

Chunki "Xoffenxaym" hamda "Liverpul" hujumkor va juda quvnoq futbol o'ynashni xush ko'rishadi.

Himoyadagi o'yinlari bilan maqtana olmaydigan ushbu jamoalarning asosiy qurollari hujumkorlikda.

"Liverpul" va "Xoffenxaym" juda ko'p gol o'tkazib yuborishi mumkin, lekin ularning asosiy kuchi o'sha o'tkazib yuborilgan gollardan ham ko'proq gollar urishni eplashlarida.

Bu safar qaysi jamoa bu vazifani eplarkin? Ayna sha savol ko'pchilikni qiziqtirmoqda.

"Liverpul" Koutinosiz qolgan bo'lsa, "Xoffenxaym" o'zining ikki yetakchisi - Zyule va Rudini "Bavariya"ga berib yubordi.

"Liverpul"ning yozdagi eng qaynoq transferi - Salax bo'ldi.


"Xoffenxaym"da esa Gnabri asosiy xarid sifatida qayd etilmoqda.

Ikkala jamoa ham tezkor va hujumkor futbol namoyish etishadi.

Yangi xarid qilingan futbolchilar aynan shu falsafaga to'g'ri kelgani uchun ham sotib olingan.

Ikkita nemis mutaxassisining o'zaro to'qnashuvi ham bugungi o'yin afishasiga o'ziga xos joziba qo'shmoqda.

Klopp ayni paytda germaniyalik eng yorqin mutaxassislardan biri bo'lsa, Nagelsmannga kelajak sifatida qaralmoqda.

"Liverpul" va Klopp "Xoffenxaym" hamda Nagelsmannga qaraganda ancha tajribali.

Tajriba hamda malakaga qarshi yuksak shijoat va kuchli ishtiyoq.

Bu to'qnashuvda tajriba ustun keladimi yoki shijoat?

Ko'ramiz...


Yevropa chempionlar ligasi.

Saralash bosqichi.

15 avgust, seshanba.

"Qorabog'" (Ozarboyjon) - "Kopengangen" (Daniya)

APOEL (Kipr) - "Slavia Praga" (Chexiya)

"Yang Boyz" (Shveytsariya) - SSKA (Rossiya)

"Xoffenxaym" (Germaniya) - "Liverpul" (Angliya)

"Sporting" (Portugaliya) - FKSB (Ruminiya)

16 avgust, chorshanba.

"Seltik" (Shotlandiya) - "Astana" (Qozog'iston)

"Napoli" (Italiya) - "Nicca" (Fransiya)

"Xapoel" BSH (Isroil) - "Maribor" (Sloveniya)

"Istanbul" (Turkiya) - "Sevilya" (Ispaniya)

"Olimpiakos" (Gretsiya) - "Rieka" (Xorvatiya)

Javob o'yinlari: 22-23 avgust


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia