Dilshod Nuraliev: Bartaraf etadigan kamchiliklarimiz yo'q emas

Narzulla Saydullayev
23 avg 2013, 16:53
O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev BAA mamlakatida bo'lib o'tadigan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionati bahslari oldidan tarkib optimal ko'rinishda bo'lishiga umid bildirdi.
23 avgust kuni O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasi Toshkentdagi yig'inini yakunladi. Mazkur yig'in davomida Nuraliev shogirdlari Eron o'smirlar terma jamoasiga qarshi uchta nazorat uchrashuvini o'ktazganidan xabaringiz bor. Eronga qarshi o'tkazilgan uch uchrashuvning ikkitasida g'alaba qozonilgan bo'lsa, bir uchrashuv Eron o'smirlarining kichik hisobdagi g'alabasi bilan yakuniga etdi.

O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev Toshkentdagi yig'in terma jamoa o'yinidagi bir qator kamchiliklarni bartaraf etish uchun yordam berishini ta'kidladi.

Eronga qarshi dastlabki ikki o'yinda g'alaba qozondik. Shunga qaramay, mazkur o'yinlarda tarkibimiz optimal ko'rinishda emas edi. Asosiy tarkibning 5 nafar futbolchisi jarohati tufayli Toshkentdagi yig'inda safimizda bo'lmadi. Bu esa, bizga o'zimizning eng yaxshi o'yinimizni ko'rsatish uchun imkon bermadi. BAA mamlakatida bo'lib o'tadigan jahon chempionati bahslari oldidan jarohat olgan futbolchilar tuzalib, safga qaytishlariga va jismoniy holatini yaxshilab olishlariga umid qilaman, - deydi Nuraliev.

Eron o'smirlariga qarshi so'nggi o'yinimizda zahira futbolchilarimizni maydonda sinab ko'rdik, deya qo'shimcha qildi O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi. Natijada, Eronga so'nggi o'yinda 0:1 hisobida yutqazdik. Shuni ham unutmaslik kerakki, o'rtoqlik o'yinlaridagi natija unchalik katta ahamiyatga ega emas. Bunday uchrashuvlar terma jamoa o'yinida ko'zga tashlangan bir qator kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Jahon chempionati bahslarida kuchsiz jamoaning o'zi bo'lmaydi. Mundialda faqat dunyoning eng kuchli terma jamoalarigina ishtirok etadi. Shu boisdan, terma jamoamiz uchun raqib tanlamagan bo'lar edim. Shunchaki, qur'a natijalarini kutishimiz va o'z tayyorgarligimizni davom ettirishimiz lozim, - deydi Nuraliev.

Ma'lumot o'rnida, o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionati bahslari final bosqichiga qur'a tashlash marosimi 26 avgust kuni Abu-Dabi shahrida bo'lib o'tadi. Qur'a tashlash marosimida O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev hamda terma jamoa sardori Otabek Shukurov ishtirok etadilar.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com