Denis Korostichenko: Menimcha, durang adolatli bo'ldi

Alisher
5 sen 2023, 07:55
Bugun bo'lib o'tgan Dinamo - Lokomotiv uchrashuvidan so'ng temiryo'lchilar ustozi Denis Korostichenko o'z fikrlarini bayon etdi.

- O'yin haqida nima deyishim mumkin, bugun maydonda har ikki jamoa ham kurash olib bordi. Garchi darvozalarga to'p kiritilmagan bo'lsada, o'yin muxlislarga yoqdi deb o'ylayman. Ikkala jamoa ham g'alaba uchun kurashdi.

- Lokomotiv bu yil Dinamoga qarshi 3 marta bahs olib borib, birortasida g'alaba qozona olmadi. Bu haqda nima deya olasiz?

- To'g'ri, shunday bo'ldi, lekin bu erga faqat uch ochkoni ko'zlab kelgandik. Eng muhimi, bugungi o'yindan keyin turnir jadvali peshqadamligini saqlab qoldik. Dinamoga qarshi Pro Liga doirasidagi ikkala bahs durang bilan yakun topdi. Kubokda yutqazib qo'yganimizga kelsak, u o'yinda boshqacha rejalarimiz bor edi, ammo o'zgartirishga to'g'ri keldi.

- Oxirgi paytlarda Superliga o'yinlarida sizni ko'p bor stadionda ko'ryapmiz. Bu kelasi mavsumga hozirdan reja qilayotganingizni bildiradimi?

- Yo'q. Chunki Lokomotiv hali vazifani bajargani yo'q. Shu bois birdaniga keyingi yilni o'ylash noto'g'ri. Toshkent jamoalaridan Pro Ligada faqat biz qatnashyapmiz, shuning uchun bo'sh vaqt bo'ldi deguncha Superliga o'yinlariga boryapmiz. 

- Jamoa Superligaga chiqish vazifasini necha foizga uddaladi deb hisoblaysiz?

- Bu haqda hech narsa deya olmayman. Chunki futbolda oldindan bashorat qilib bo'lmaydi. Qolaversa, keyingi turlarda nima ro'y berishini ham bilmayman. Kutilmaganda Aralga yutqazib qo'ydik, yoki bo'lmasa Dinamo Andijonda ochko yo'qotdi. Ko'ryapsizmi, futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin. Biz faqat bir narsani o'ylaymiz, chempionat oxirigacha birinchi o'rindan tushmaslikni. 

- Biroz tanaffusdan so'ng Boyan Naydenov yana safga qaytdi. Uning o'yini va holati haqida fikringiz?

- Boyan jarohat olgandi va davolanib yana safimizga qaytdi. Uni oldinroq maydonga tushirishni maqsad qilgandik, biroq Nukusda sun'iy maydonda to'p tepishga to'g'ri keldi. Xorazm bilan uydagi o'yinda esa yuz foiz tayyor emasdi. Bugun esa juda og'ir uchrashuv bo'ldi va bunday o'yinga tezda kirishib ketish oson emas. O'ylaymanki, Boyan tez orada jismoniy holatini to'liq yaxshilab keyingi o'yinga tayyor bo'ladi.

O'xshash yangiliklar


AlisherMuallif
Manba: championat.asia