Dejavyu: Bugun Rimda Turindagi holat takrorlanishi mumkin

Eldor Akmurzayev
2 mar 2021, 22:00
Avvalroq, Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Gabriele Gravina A Seriya 25-turidan o'rin olgan “Lacio” – “Torino” bahsi mehmonlar koronavirus bilan bog'liq holatlar ortgani tufayli o'tkazilmasligini aytgandi.

Biroq, Liga Kengashi bugungi uchrashuvni belgilangan vaqtda o'tkazishga qaror qildi, deya xabar beradi Football Italia. “Torino” navbatdagi testdan o'tishi kerak, shu tufayli haligacha Rimga yetib kelmadi. Turin hokimiyati ham hozircha jamoaga shahardan chiqib ketishiga ruxsat bermadi. “Buqalar” 23 fevral kuni mashg'ulotlarni to'xtatgan va jamoada COVID-19 bilan kasallanganlar 8 nafarni tashkil etmoqda.

Shu kabi holat 3-tur doirasida “Yuventus” – “Napoli” uchrashuvida yuz bergandi. Neapol hokimiyati “Napoli”ga shaharni tark etishni taqiqlagandi, ammo Liga rahbariyati mazkur uchrashuvni boshqa kunga ko'chirmadi va neapolliklarga 0:3 hisobidagi texnik mag'lubiyat yozdirgan edi. Qayd etish joiz, "Yuve" o'shanda uchrashuv uchun asosiy tarkibni e'lon qilib, futbolchilar va klub xodimlari bilan birga o'yin bo'yicha rasmiy qarorni ma'lum muddat maydonda kutgandi.

Keyinchalik esa “Napoli” bahsni takroriy o'tkazish bo'yicha apellyaciya berib, unda g'olib chiqdi. Ushbu o'yin 17 mart kuni o'tishi rejalashtirilgan.

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Football Italia