

O'zbekiston chempionatlarining besh karra g'olibi, mamlakat kubogining to'rt karra sohibi, Osiyo Chempionlar ligasining ikki karra yarim finalchisi Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubi Sizni eng aziz va ulug' bayramimiz – O'zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etadi!
Yurtimizning 25 yillik to'yi munosabati bilan “qaldirg'ochlar”ning Istiqlol bilan tengdosh – 25 yoshli futbolchilari Shahzodbek Nurmatov va Shohrux Gadoev o'zining bayram tabriklarini izhor etib, barcha yurtdoshlarimizni Istiqlol bilan muborakbod etadi.

Shahzodbek NURMATOV (“Bunyodkor” FK hujumchisi):
- 1 sentyabr arafasida diyorimiz yanada chiroy ocha boshlaydi. Yurtimiz ko'chalarida haqiqiy bayram nafasi hukm suradi. Barcha hamyurtlarimizni ko'tarinki kayfiyatda uchratasiz. Fursatdan foydalanib, hamma o'zbekistonliklarni bayram bilan qutlayman! Barchaga sihat-salomatlik, baxt-saodat tilab qolaman!
Jannatmakon O'zbekiston zaminida tavallud topganim uchun Yaratganga doimo shukr qilib yashayman. Yurtimiz dovrug'ini yanada oshirish, bayrog'imizni bundan-da yuqori cho'qqilarga olib chiqish uchun qo'limdan kelganicha harakat qilaman.
Shohrux GADOEV (“Bunyodkor” FK yarim himoyachisi):
- Barcha yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabriklayman! Barchaga tinchlik-totuvlik, omad va olam-olam quvonchlar tilayman!
Istiqlol bayrami hayotimizdagi eng katta ayyom, degan fikrimga barcha vatandoshlarimiz qo'shilsalar kerak. Hamisha ishingiz baroridan kelsin, azizlar! Hammangizning barcha orzu-umidlaringiz ushalishini tilagan holda, O'zbekistonni bayram shukuhi hech qachon tark etmasin, degan niyatdaman!
Yurtimiz futbolini xalqaro arenalarda o'z o'rniga ega bo'lishi va yuksak marralarni zabt etishiga qo'limdan kelganicha harakat qilaman.



