

Qiziqarli va kutilmagan natijalarga boy o'tgan dastlabki tur tafsilotlari haqida to'xtalib o'tamiz.
Germaniyada yangi mavsum ananaga ko'ra amaldagi chempion ishtirokidagi o'yin bilan boshlandi. O'tgan haftaning juma oqshomida Myunxenda bo'lib o'tgan "Bavariya" - "Gerta" bellashuvida ishqibozlar jami to'rtta golga guvoh bo'lishdi. Robert Levandovskining dubli ham mazkur bahsda "Bavariya"ga g'alaba uchun etarli bo'lmadi. Aksincha, aynan Germaniya chempionatining to'purari yakunda "Bavariya"ga 1 ochko taqdim etishga muvaffaq bo'ldi. Xorvatiyalik mutaxassislarning o'zaro duelida Ante Kovich qo'l ostidagi "Gerta" amaldagi chempion maydonida qimmatli 1 ochkoni qo'lga kiritdi. Niko Kovach esa "Bavariya" boshqaruvida mavsumni durang bilan boshlashiga to'g'ri keldi. Qizig'i, myunxenliklar chempionat startidan avval o'tkazilgan Germaniya superkubogida ham "Borussiya"ga imkoniyatni boy berishgandi. Hozircha rasman ikkita uchrashuvda maydonga tushgan "Bavariya" g'alaba qozonganicha yo'q.
Shu tariqa Bundesliganing yangi mavsumidagi ilk o'yinda kichik sensaciya qayd etildi. Bu esa Germaniya chempionatining yangi mavsumi qiziqarli bo'lishiga yaxshigina anonsga ham aylandi.
Shanba kuni esa chempionatning qolgan 6 uchrashuvi o'tkazildi.
"Volfsburg"da mehmon bo'lgan "Kyoln" mezbonlarga 2:1 hisobida mag'lub bo'ldi. Arnold va Vegxorstning gollariga uchrashuvning so'nggi daqiqasida Terodde javob to'pini yo'lladi. Shu tariqa "Volfsburg" Oliver Glasner boshqaruvida mavsumni g'alaba bilan boshladi.
Kristian Shtrayx va Sandro Shvarc boshqaruvidagi "Frayburg" hamda "Maync" o'rtasidagi bahsda hisob 80-daqiqagacha ochilgani yo'q. Lekin uchrashuvning oxirgi 10 daqiqasida "Frayburg" mehmonlar davrozasiga qatorasiga uchta to'p yo'lladi va mavsumni yirik g'alaba bilan boshladi.
Bremenda esa "Verder" kutilmaganda mavsumni mag'lubiyat bilan boshladi. O'z uyida "Fortuna" Dyusseldorfni qabul qilgan bermenliklar o'z darvozalaridan uchta to'p o'tkazib yuborib, raqibga bir gol bilan javob qaytardi. Natijada Fridxelm Funkel boshqaruvidagi kamtarin "Fortuna" Dyusseldorf mavsumni ishonchli g'alaba bilan boshladi.
Leverkuzenda kechgan "Bayer" hamda "Paderborn" klublari o'rtasidagi bahsda muxlislar gollar-shousiga guvoh bo'lishdi. Dastlab Leon Beyli kiritgan golga mehmonlardan Sven Michel javob qaytardi. So'ngra Kai Xavercning goliga "Paderborn"dan Streli Mamba o'z munosabatini gol bilan bildirdi va uchrashuvda ikkinchi marotaba muvozanatni tikladi. Biroq tanaffusdan keyin Kevin Folland tomonidan kiritilgan gol "Bayer"ga g'alabani taqdim etdi.
"Bavariya" ilk turda ochko yo'qotgach ko'pchilikning diqqat markazida bo'lgan "Borussiya" Dortmund o'z uyida "Augsburg"ni qabul qildi. Mazkur o'yinga bo'lgan qiziqish esa o'z-o'zidan yuqorilab ketgandi. Bahs esa kutilmagan ssenariy ostida boshlandi. "Augsburg" a'zosi Florian Niderlexner bellashuvning ilk daqiqasidanoq hisobni ochishga erishdi. "Borussiya" uzoq kuttirmasdan tezkor javob to'pini yo'lladi. Pako Alkaser tomonidan hisob tenglashtirilgach, "Borussiya"ning gollar jo'mragi ochilib ketdi. Natijada o'yin yakuniga qadar dortmundliklar yana to'rt marotaba "Augsburg" darvozasiga yo'l topib, hisobni 5:1 ko'rinishiga keltirishdi. Jamoaga yangi kelib qo'shilgan Yulian Brandt ham zaxiradan tushiboq debyut o'yinida gol kiritishga muvaffaq bo'ldi.
Myonxengladbaxda esa turning qiziqarli to'qnashuvi "Borussiya" Myonxengladbax va "Shalke" o'rtasida kuzatildi. Murosasiz o'tgan bahsda jamoalar harchand o'rinmasin raqib darvozasiga yo'l topa olishmadi. Natijada mazkur jamoalar mavsumni cho'ntakda 1 ochko solgan holda boshlashdi.
Turning so'nggi ikkita bellashuvi dam olish kuni bo'lib o'tdi. Unda dastlab "Ayntraxt" o'z uyida "Xoffenxaym"ni qabul qilgan bo'lsa, Bundesligaga chiqqan "Union Berlin" "Leyptsig"ni mehmon qildi.
Frankfurtda o'tgan bellashuvda o'yinning ilk daqiqasida Martin Xinteregger tomonidan kiritilgan gol uchrashuv yakuniga qadar yagonaligicha qoldi va "Ayntraxt" g'alabana tantana qildi.
Turning so'nggi qarama-qarshiligi "Union Berlin" va "Leyptsig" o'rtasida kechdi. Elitada yangi bo'lgan debyutantlar "buqalar"dan javobsiz to'rtta to'pni qabul qilib olishdi. Birinchi taymdayoq "Leyptsig" o'yin taqdirini hal etdi. Tanaffusdan keyin esa Kristofer Nkunku hisobni yanada yiriklashtirdi.

Shu bilan Germaniya Bundesligasining 1-tur o'yinlariga yakun yasaldi. Mazkur turda 5ta mezbon hamda ikkita mezbon jamoalari g'alaba nashidasini surishdi. Qolgan ikkita bellashuvda esa g'olib nomi aniqlanmadi. Ishqibozlar Germaniya Bundesligasining ilk turida jami 30ta gol guvohiga aylanishdi. Mazkur gollarning 17tasini mezbonlar kiritishni va qolgan 13tasiga mehmonlar mualliflik qilishdi.
"Borussiya" Dortmund va "Bavariya" hujumchilari Pako Alkaser hamda Robert Levandovski mazkur turda dubl qayd etishdi. "Leyptsig" a'zosi Marsel Zabicer esa birinchi turda uchta golga assistentlik qildi. Shuningdek, Aksel Vitcel hamda "Fortuna" Dyusseldorf futbolchisi Erik Tommi jamoasining ikkita goliga hammualliflik qilishdi.
Turning eng yaxshi darvozaboni nomiga esa "Verder"ga qarshi o'yinda 9 marotaba seyv amalga oshirgan "Fortuna" Dyusseldorf kiperi Zak Shteffen loyiq ko'rildi.

Bundesliga, 1-tur ramziy terma jamoasi (5-3-2):
Darvozabon: Shteffen ("Fortuna" Dyusseldorf)
Himoyachilar: Xalstenberg ("Leyptsig"), Xinteregger ("Ayntraxt"), Xummels ("Borussiya" Dortmund), Klyunter ("Gerta"), Shmid ("Frayburg")
Yarim himoyachilar: Vitsel ("Borussiya" D), Karaman ("Fortuna" Dyusseldorf), Zabicer ("Leyptsig")
Hujumchilar: Levandovski ("Bavariya"), Alkaser ("Borussiya" D)



