

AQSHning Vashington shahrida joylashgan "The Kennedy Center" majmusida bo'lib o'tadigan katta tadbir davomida O'zbekiston terma jamoasi qaysi guruhga tushishi va kimlar raqib bo'lishini bilib olamiz.
Jahon chempionati qur'asi jahon chempionati o'yinlari kabi katta voqea hisoblanadi. Dunyo bo'ylab milliarddan ziyod aholi ushbu marosimni intiqlik bilan kutmoqda. Yurtimizda ham millionlab muxlislar qur'a natijalarini kutayotgani bor gap. Balki avvalgi qur'alarda bu qadar katta sabrsizlik bo'lmagandir, lekin endilikda boshqacha nigoh bilan qarshi olamiz. Chunki tarixda birinchi bor O'zbekiston delegaciyasi ham qur'a jarayonida ishtirok etadi va kelasi yil bo'lib o'tadigan mundialda milliy terma jamoamiz ham to'p tepadi.

Ishtirokchilar kengaydi
Tarixda birinchi marta Jahon chempionatida o'ynaydigan jamoalar soni 16 taga oshirilib, 32 tadan 48 taga etkazildi. Bu ham dunyo futboli uchun katta voqelik bo'ldi. Hozirgi paytga kelib mundialga chiqqan 42 ta terma jamoa nomi ma'lum (bugun shu jamoalar vakillari qur'ada ishtirok etadi) bo'lib, qolgan 6ta jamoa nomi kelasi yilning mart oyida aniq bo'ladi.

Qur'aga kimlar taklif qilingan?
Aytib o'tganimizdek, hozirgi paytga kelib 48 ta jamoadan 42 tasi ma'lum va Jahon chempionatiga chiqqan har bir yurtning futbolga aloqador katta delegaciyasi AQSHdagi tadbirga taklif qilingan. Bugungi qur'ada ishtirok etadigan jamoalar quyidagilardan iborat.
Musobaqa mezbonlari: AQSH, Kanada, Meksika.
Osiyo: Avstraliya, Eron, Yaponiya, Iordaniya, Janubiy Koreya, Qatar, Saudiya Arabistoni, O'zbekiston.
Afrika: Jazoir, Kabo Verde, Kot-D'Ivuar, Misr, Gana, Marokash, Senegal, JAR, Tunis.
KONKAKAF: Kyurasao, Gaiti, Panama.
Janubiy Amerika: Argentina, Braziliya, Kolumbiya, Ekvador, Paragvay, Urugvay.
Okeaniya: Yangi Zelandiya.
Yevropa: Avstriya, Belgiya, Xorvatiya, Angliya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Shotlandiya, Ispaniya, Shveytsariya.
Qolgan oltita jamoa
JCH-2026 da ishtirok etadigan 48 ta jamoadan 6 tasi hali ma'lum emas. Shundan to'rttasi kelasi yil bahorda o'tkaziladigan UEFA pley-off bahslaridan so'ng ma'lum bo'ladi. Pley-off bahslarida 16 ta terma jamoa qatnashadi: Albaniya, Bosniya va Gertsegovina, Chexiya, Daniya, Italiya, Kosova, Shimoliy Irlandiya, Shimoliy Makedoniya, Polsha, Irlandiya, Ruminiya, Slovakiya, Shvetsiya, Turkiya, Ukraina va Uels.
Qolgan ikkita jamoa nomi qitalararo pley-off o'yinlaridan so'ng aniq bo'ladi. Xalqaro pley-off uchrashuvlarida 6 ta jamoa ishtirok etadi: Boliviya, Kongo, Iroq, Yamayka, Yangi Kaledoniya va Surinam.

Qur'a va savatlar
Jahon chempionatida 48 ta jamoaning ishtirok etishi o'z-o'zidan o'yinlar soni ko'payishiga olib keladi. Kelasi yilning 11 iyunida start olib, 19 iyulga qadar davom etadigan mundialda muxlislar jami 104 ta uchrashuv guvohi bo'lishadi.
Bugun bo'lib o'tadigan qur'a jarayonidan oldin terma jamoalar 4ta savatga ajratib chiqilgan. Shuni aytib o'tish lozim, musobaqaning uchta mezboni avtomat tarzda guruhlardan joy olgan: Meksika - A1, Kanada - B1, AQSH - D1.
Savatlarning to'liq ko'rinishi quyidagicha:
1-savat: AQSH, Meksika, Kanada, Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya.
2-savat: Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveytsariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya, Avstraliya.
3-savat: Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-D'Ivuar, O'ZBEKISTON, Qatar, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi.
4-savat: Iordaniya, Kabo Verde, Gana, Kyurasao, Gaiti, Yangi Zelandiya, Yevropa pley-off A, B, C, D, Xalqaro pley-off 1 va 2.
Musobaqa formatiga ko'ra, 48 ta terma jamoa to'rttadan 12 guruhga bo'linadi. Guruhlar Adan Lgacha bo'ladi. Guruh o'yinlari yakuniga etgach, 1-2 o'rinlar bilan birgalikda eng yaxshi 3-o'rin egalaridan 8 tasi - jami 32ta jamoa keyingi bosqichga yo'l oladi. Bu degani birinchi bosqichdan so'ng faqat 16 ta jamoa ortga qaytadi.

Qur'a qanday bo'ladi?
Endi eng asosiy masalaga kelsak. Qur'a tartibiga ko'ra, har bir savatdan navbati bilan to'liq jamoalar olinadi. Jahon chempionatining uchala mezboni qaysi guruhlarga tushishi ma'lum ekanini yuqorida keltirib o'tdik. Katta turnirlar oldidan FIFAning asosiy yozilmagan qoidasi bor va doim shunga amal qilib keladi: yani, bitta qita vakillarini bir guruhga tushirmaslik. Faqat Yevropa bundan mustasno bo'lib, UEFAga 16 ta o'rin berilgan.
Bugungi qur'a marosimida AQSH ko'k rangli shar, Meksika yashil, Kanada esa qizil rangli sharda bo'ladi. Qolgan barcha sharlar oq rangda bo'ladi. Musobaqaga bo'lgan qiziqishni oshirish maqsadida FIFA reytingdagi eng kuchli to'rtta jamoani qarama-qarshi setkaga qo'yadi. Bu degani Ispaniya va Argentina hamda Fransiya va Angliya toki finalga qadar bir-biriga to'qnash kelmaydi.

Qur'a avvaliga mezbon jamoalarni uchta guruhga ajratib, 1-savatdagi jamoalarni guruhlarga bo'lish bilan boshlanadi. 1-savatdagi jamoalar to'liq guruhlarga joylashtirilgach, keyin 2-savatga o'tiladi. Xuddi shu tartibda 3 va 4-savatlarga navbat keladi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi 3-savatdan joy olgani uchun bizga shu savatdagi jamoalar raqib bo'lmaydi. Shuningdek, ikkinchi savatdan Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron kabi qitadoshlarimiz ham tushmasligi aniq. Bu degani boshqa qita vakillari bizga raqib bo'ladi. Guruhda kimlar raqib bo'lishini istagancha bashorat qilishingiz mumkin.
Xayrulla Xoliqov



