

Yig'in doirasida konchilar ananaviy “Viloyat hokimi kubogi” turnirida munosib ishtirok etdi.
Bugun, yani 8 fevral kuni “Qizilqum” jamoasi murabbiylar shtabi va a'zolari Navoiy shahriga yetib oldilar. Navoiyliklar uchun 12 fevralga qadar qisqa muddatli tatil e'lon qilindi.
Fursatdan foydalanib, “Qizilqum” PFK bosh menejeri Hamidjon Aktamov, jamoa xomiylari - Navoiy kon metallurgiya kombinati (bosh direktori Quvondiq Sanoqulov), “Qizilqumcement” hissadorlik jamiyati (raisi Rustam Ayxodjaev) rahbarlari Navoiy viloyati hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov qabulida bo'lishdi.
Unda futbol klubi rahbari Hamidjon Aktamov jamoaning yangi mavsum oldidan ko'rayotgan hozirligi, galdagi vazifalar va rejalari yuzasidan axborot berdi.
Navoiyda kuchli va raqobatbardosh jamoani shakllantirish yo'lida olib borilayotgan ishlar va yaratilayotgan shart-sharoitlar bo'yicha xomiylarning ma'lumoti tinglandi.
Uchrashuv oxirida viloyat hokimi E. Turdimov muxlislarning “Qizilqum” jamoasidan umidlari katta ekanligini alohida takidlar ekan, yaqin kunlar ichida jamoa a'zolari bilan uchrashishlarini alohida bildirib o'tdilar.
Eslatib o'tamiz, “Qizilqum” jamoasi 12 fevraldan Toshkentda yig'iladi va navbatdagi o'quv-mashg'ulot yig'iniga kirishadi.



