

Mirjalol Qosimov shogirdlarining navbatdagi "qurboni" "Andijon" jamoasi bo'ldi. Coca Cola Superliga 11-turida TTYMI stadionida kechgan uchrashuvda olmaliqliklar raqiblarini 3:1 hisobida taslim qildi va mag'lubiyatsiz seriyasini 11ta uchrashuvga etkazdi. Ushbu bahsdan so'ng AGMK jamoasi himoyachisi Bobur Yo'ldoshev fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"To'g'ri "Lokomotiv" bilan o'yindagi ssenariy takrorlandi. Lekin, "Andijon" ko'proq himoyaga e'tibor qaratdi, bo'sh hududlar qoldirmaslikka harakat qildi. "Lokomotiv" esa ochiq o'yin taklif qilgandi. Birinchi bo'limda vaziyatlar yaratmoqdamiz, imkoniyatlar bo'lyapti. Ammo, gol urishga qiynalmoqdamiz. Shu narsa bizga to'sqinlik qilmoqda deyishim mumkin.
TTYMI maydonini ko'rib to'g'risi achindim. Avvallari ham bu yerda ko'p o'ynaganman, maydon holati a'lo darajada bo'lardi. Murabbiyimiz aytganlaridek bu bahona bo'lmasligi kerak. "Andijon" ham shu maydonda o'ynadi, biz ham. Lekin, u qadar yomon emas, bemalol futbol o'ynasa bo'ladi.
Mag'lubiyatsiz seriya qayd etayotganimizdan xursandman. Bu holat yoqimlidir. O'tgan mavsumda jamoa murabbiydan tortib futbolchigacha yangidan tuzilgandi. Har qanday jamoani shakllantirish uchun ma'lum bir vaqt kerak bo'ladi. Bu yil jamoamiz har tomonlama shakllanishga erishdi. Oldinga intilish va o'sishda davom etamiz",- deydi Yo'ldoshev.
Abdulaziz Iskandarov yozib oldi.



