Birinchi liga. 5-tur statistikasi

Narzulla Saydullayev
5 sen 2013, 14:25
Ma'lum muddatlik tanaffusdan so'ng, birinchi liga klublari ham musobaqadagi ishtirokini davom ettirishdi.
Ma'lumki, seshanba kuni ikkinchi bosqichning 5-tur o'yinlari bo'lib o'tdi. Odatimizga ko'ra, unda qayd etilgan natija va statistik ma'lumotlar bilan sizlarni tanishtirib o'tamiz.

“NBU-OSIYO”GA NIMA BO'LYAPTI YOXUD “G'ARB” KLUBLARINING YAQQOL USTUNLIGI
5-turning umumiy 8ta o'yini bir kunda o'tkazildi. Unda qayd etilgan natijalar bilan tanishib shunga amin bo'ldikki, “g'arb” mintaqasidagi jamoalar yaqqol ustunlikka erishgan. Boisi ushbu turda poytaxt va vodiyga safar uyushtirgan “G'arb” mintaqasi vakillari safardan ijobiy natija bilan qaytishga erishdi. Boshqacha aytganda, mehmondan beshta jamoa g'alaba bilan qaytgan bo'lsa, yana bir klub durang qayd etdi. “Istiqlol” va “Andijon” o'z maydonida g'alaba qozongan jamoalar bo'lishdi.

Istiqlol – Orol 2:1.
Ochig'ini aytganda, “Istiqlol” bu o'yinda yaqqol favorit edi. Chunki Nematulla Qutibaev boshchiligidagi “Orol” bugungi kunda safardan ochko olib qaytadigan darajada emas. Bunga avvalo jamoada moliyaviy imkoniyatlar barqaror emasligini sabab sifatida ko'rsatish mumkin. Nukusliklar bundan oldingi ikki safar o'yiniga arang, yetib borganini ham unutmaslik kerak. Ammo “Orol” seshanba kuni “Istiqlol”ga osonlikcha taslim bo'lmadi. Sababi o'yinda birinchi bo'lib hisobni nukusliklar ochishga erishgandi. Ammo ular ko'p o'tmay, g'alaba tugul, tayyor durangni ham qo'ldan chiqardi. Alamli mag'lubiyat Qutiboev shogirdlarini keyingi o'yinlarda sergak tortishiga xizmat qilsa ajab emas.

NBU-Osiyo – Xorazm 0:1.
Chempionatning birinchi bosqichida yetakchilarga haqiqiy bosh og'riq bo'la olgan “NBU-Osiyo” shu tarzda o'zgarib ketdiki, xatto ikkinchi bosqichda bu jamoani tanib bo'lmayapti. Klubning oxirgi beshta uchrashuvidan so'ng, hisobida umuman ochko yo'qligini yana qanday tushunish mumkin?! “Bankirlar” mazkur turda ham yana o'z maydonida raqibiga ochko ulashib yubordi. Uchrashuvning 66-daqiqasida Qadamboy Nurmetov tomonidan aniq amalga oshirilgan penalti evaziga “Xorazm” o'z hisobiga uch ochko yozdirib qo'ydi.

Paxtakor-2 – Alanga 1:5.
“NBU-Osiyo” kabi oxirgi to'rtta o'yinni boshi egik xolatda tark etgan “Alanga” nihoyat 22 kunlik omadsiz yurishiga chek qo'ydi. Aftidan jamoa futbolchilari mukofot pullarini sog'inib qolishgan shekilli, ular “Paxtakor-2” bilan o'yinning birinchi bo'limidayoq uchrashuv taqdirini hal etib qo'ydi.

Oq-tepa – Sherdor 1:2.
“Oq-tepa”ni ko'pchilik oliy liga vakili “Metallurg”ga qiyoslaydi. Shunday deb o'ylaydiganlar, qaysidir manoda haq. Boisi “Oq-tepa” ham o'zi ishtirok etadigan chempionatda ko'p bor kutilmagan natijalar qayd etib, doimo muxlislar e'tiborini tortadi. O'z maydonida birinchi liganing yetakchilari bo'lmish “Mashal” va “Andijon”ni mag'lubiyatga uchratishni uddasidan chiqqan jamoani seshanba oqshomida “Sherdor”ga imkoniyatni boy berishini kim ham o'ylabdi deysiz. To'g'ri, samarqand jamoasining safarda g'alaba qayd etishi borasida tahminlar bo'lgandi, ammo baribir “Oq-tepa” o'yinda favorit edi. Bu jamoa uchrashuvda birinchi hisobni ochgan bo'lishiga qaramay, g'alabani o'yin so'nggiga qadar ushlab qola bilmadi.  

Andijon – Registon 4:0.
Bu o'yinda “Andijon”ning qo'li baland kelishini ko'pchilik tahmin qilgandi. Ammo uning qarshisidagi “Registon”ning ham oxirgi turlarda qayd etgan natijalari maqtagulik darajada edi. Shu bois o'yinnni qiziqarli kechishi kutilgandi. Mehmonlar safardan ochko bilan qaytish uchun har qancha harakat qilishmasin, biribir “burgutlar” har ikki taymda ikkitadan gol urib, bunga yo'l qo'ymadi.

Qo'qon-1912 – Zarafshon-NCZ 1:1.
Ushbu o'yin natijasi ko'plab shubha va etirozlarni yuzaga keltirdi. Chunki qo'qonliklar tomonidan 90+4-daqiqasida kiritilgan gol, tabiiyki “Zarafshon-NCZ” vakillarini qoniqtirmadi. O'yinni bevosita stadionda ko'rmaganiz sababli ham bunga ortiqcha va shoshilinch xulosa bera olmaymiz. Eng maquli, yaqin orada PFLning bu boradagi qarorini kutib qolamiz.

Kosonsoy – Mashal 1:4.
Bahsning birinchi bo'limidayoq “Mashal” futbolchilari tomonidan raqib darvozasiga naqd uchta to'p kiritilgani, ustunlik qaysi jamoada bo'lganligini yaqqol ko'rsatib turibdi. Darhaqiqat, muborakliklarning g'alabasiga shubha yo'q edi. Shuning uchun ham “Kosonsoy” muxlislari futbolchilardan mo'jiza kutishgandi.

Chust-Paxtakor - Spartak 0:3.
Usmon Toshev boshchiligidagi “Spartak” tezlikni oshirmoqda. Jamoa seshanba kuni Chustda mehmon bo'ldi va o'yining birinchi taymidayoq raqib darvozasiga uchta to'p kiritib, bellashuv taqdirini hal etib qo'ydi. “Chust-Paxtakor”ga esa endi 6-turda ham oson bo'lmasligi aniq. Chunki jamoaning qarshisida bu safar “Mashal” gavdalanadi.

27TA GOL. 7TA PENALTI. 2TA DUBL. 1TA XET-TRIK.
Ortda qolgan turda jami 27ta gol qayd etildi. Bu har bir o'yinga o'rtacha 3,375 dan gol demakdir. Uchrashuvlarning birinchi bo'limida, 13ta gol kuzatildi. Ikkinchi taymda esa muxlislar yana 14ta golga guvoh bo'lishdi.

Ushbu turda eng ko'p golni “Alanga” futbolchilari kiritishdi. “Paxtakor-2”ga qarshi safarda kechgan bahsda kosonliklar raqib darvozasiga naqd 5ta to'p kiritishdi!

Turning eng tekzor goli 5-daqiqaga to'g'ri keldi. E'tiborlisi bu vaqtda ikkita futbolchi raqib darvozasini ishg'ol etishga muvaffaq bo'lgan. “Spartak”ning tinib-tinchimas hujumchisi Firdavs Asadov “Chust-Paxtakor” bilan o'yinda, tezkor gol kiritib, hisobni ochishga erishgan bo'lsa, “Alanga” yarim himoyachisi Adham Normuhammedov “Paxtakor-2” bilan o'yinning xuddi shu vaqtida gol kiritishga erishdi.

Turning eng so'nggi goli esa 90+4-daqiqaga to'g'ri keldi. Bunga “Qo'qon-1912” yetakchisi Ali Yuldshaev mualliflik qildi. E'tiborlisi ushbu gol qo'qonliklarga bir ochko keltirdi!

5-turdagi bo'lib o'tgan 8ta o'yinda hakamlar jamoalar darvozasi tomon jami 7ta penalti belgilashga qaror qildi. Undan 5tasi aniq amalga oshirildi, qolgan yana 2tasi esa noaniq tepildi. Nuqtadan adashmaganlar: Qadamboy Nurmetov (“Xorazm”), G'ulomhaydar G'ulomov (“Istiqlol”), Islom Seytnazarov (“Orol”), Muhsin Ubaydullaev (“Paxtakor-2”), Sardor Soibov (“Andijon”) bo'ldi. Bu borada Davron Isoqov (“Kosonsoy”) va Akmal Jo'raboev (“Andijon”)ga sovuqqonlik yetishmadi.

Shuningdek ushbu turda ikkita futbolchi dubl qayd etdi. Bular “Spartak”ning iqtidorli hujumchisi Firdavs Asadov va “Alanga” a'zosi Adham Normuhammedovdir. Qizig'i, bu ikki futbolchi o'yindagi birinchi golini, bir xil vaqtda, yani 5-daqiqada urishgan!

“Mashal”ning bo'ydor hujumchisi Zohir Qo'ziboev 5-turda uchta to'p kiritgan yagona futbolchi bo'ldi!

41TA SARIQ VA 2TA QIZIL KARTOCHKA!
Mazkur tur o'yinlari qo'pollikdan xoli bo'lmagani bilan ham yodda qoldi. Chunki uchrashuv qaydnomalarida keltirilgan faktlarga ko'z yugurtirib shuni bilish mumkinki, 5-turning umumiy 8ta o'yinida 41ta sariq kartochka kuzatildi. Bu har bir bahsga o'rtacha 5,125tadan sariq demakdir!

Hakamlar uchrashuvlarning birinchi bo'limida futbolchilarni jami 15ta sariq kartochka bilan siylashgan bo'lsa, ikkinchi bo'limda qo'polliklar yanada ko'p bo'ldi shekilli, 26ta sariq qayd etilgan.

“Istiqlol” – “Orol” bahsi qo'polliklarga boy tarzda kechgani bilan tarixda qoldi. Bu o'yinni boshqarib borgan toshkentlik hakam Dmitriy Pislegin mezbonlarning 4ta, mehmonlarning esa 5ta futbolchisini sariq kartochka bilan jazoladi.

Eng intizomli jamoa deb bu galgi turda ham sariq kartochka olmagan “Mashal”ni ko'rsatish mumkin. Muborakliklar chempionatda peshqadamlik qilish barobarida intizomli o'yin ko'rsatish bo'yicha ham bu borada boshqalarga o'rnak bo'layotgani tahsinga loyiq.

Ushbu turda ikkita futbolchining hatti-harakati qizil kartochkaga loyiq ko'rildi. “Kosonsoy” himoyachisi Aziz Matkarimov bosh hakam Igor Xudoydotov tomonidan birinchi bo'limning o'zidayoq ikkita sariq kartochka olib, maydondan chetlatilgan bo'lsa, “Registon” futbolchisi Farruh Davronov “Andijon”ga qarshi kechgan bahsda bosh hakam tomonidan to'g'ridan-to'g'ri qizilga loyiq ko'rildi! Endi bu jamoalar keyingi bahsda jamoalariga yordam bera olmaydi.

HAR BIR BAHSGA 682,25TADAN MUXLIS!
Tomoshabinlar tashrifi borasida “Sharq” mintaqasi vakillari maqtana olmaydi. Ayniqsa Toshkent jamoalarida muxlislar tashrifi bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri bo'lib turibdi. Xususan ushbu turda poytaxtda beshta o'yin o'tkazildi. O'zi shundoq ham Toshkentda ishqibozlarning stadionga kelishi kamayib ketgan bir paytda, birinchi liganing to'rtta o'yini bir kunda poytaxtdagi stadionlarda o'tishini qanday tushunish mumkin?! PFL yil boshida shularni ham o'ylab ko'rganmikin?! Yoki hammasi rasmiyatchilik uchunmi?! Bilmadik! E'tibor bering, Toshkentdagi to'rtta o'yindagi umumiy muxlislar soni 356tani tashkil etdi (!!!). Bu har bir o'yinga o'rtacha 89tadan tomoshabin kirganini anglatadi.

Bu borada eng yaxshi ko'rsatkich, hamon “Qo'qon-1912”da! Jamoaning seshanba kungi o'yiniga 2805ta muxlis tashrif buyurgan. Buni ham aslida juda zo'r natija deyish qiyin. Lekin birinchi ligada hozirgi sharoitda ushbu ko'rsatkich eng zo'ri bo'lib turibdi.

Muxlislar tashrifi kimda qanday?
Istiqlol – Orol. Toshkent. 103 tomoshabin.
NBU-Osiyo – Xorazm. Toshkent. 102 tomoshabin.
Paxtakor-2 – Alanga. Toshkent. 56 tomoshabin.
Oqtepa – Sherdor. Toshkent. 95 tomoshabin.
Andijon – Registon. Andijon. 775 tomoshabin.
Qo'qon-1912 – Zarafshon-NCZ. Qo'qon. 2805 tomoshabin.
Kosonsoy – Mashal. Kosonsoy. 97 tomoshabin.
Chust-Paxtakor - Spartak. Chust. 1425 tomoshabin.

6-TURDA UCHRASHADILAR
6 sentyabr (juma)

Istiqlol – Xorazm
NBU-Osiyo – Orol
Paxtakor-2 – Sherdor
Oq-tepa – Alanga
Andijon – Zarafshon-NCZ
Qo'qon-1912 – Registon
Kosonsoy – Spartak
Chust-Paxtakor - Mashal
 
Islombek Rustambekov tayyorladi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia