Birinchi liga. 3-tur statistikasi

Narzulla Saydullayev
24 avg 2013
O'tgan chorshanba va payshanba kunlari birinchi liganing ikkinchi bosqich, 3-tur o'yinlari bo'lib o'tdi.
Mazkur ortda qolgan o'yinlar statistikasini hukmingizga havola etamiz.

YETAKCHILAR UCHUN MUVAFFAQIYATLI O'TGAN TUR
Darhaqiqat, ushbu tur o'yinlari liga yetakchilari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. “Mashal”, “Andijon”, “Qo'qon-1912”, “Zarafshon-NCZ” hamda “Spartak” kabi grand klublar 3-turda o'z hisoblariga uch ochko yozdirib qo'yishdi. Umuman olganda, ushbu turda ham rejadagidek 8ta o'yin bo'lib o'tdi. Unda 5ta mezbon jamoa g'alaba qozongan bo'lsa, yana qolgan uchta bahsni mehmonlar o'z foydalariga hal qila olishgan.

Mashal – Istiqol 3:0
“Mashal” ushbu o'yinda tabiiyki favorit edi. Birinchidan jamoa o'z maydonida o'ynadi. Ikkinchidan esa o'tgan turda “Oq-tepa”dan uchralgan mag'lubiyat “gazchilar”ga yaxshigina ogohliq qo'ng'irog'i bo'ldi.

Spartak – NBU-Osiyo 3:1. 
“Spartak” ham o'z maydonida raqibiga osonlikcha ochko ulashadigan jamoalardan emasligini isbotlab kelmoqda. Boz ustiga uning 3-turdagi raqibi “NBU-Osiyo” ham ikkinchi bosqichni yuqori no'tada boshlay olmadi. O'z maydonidagi ketma-ket 2ta mag'lubiyatdan keyin “bankirlar”ga bu o'yinga ruhiy jihatdan tayyorlanish biroz qiyin kechgan ko'rinadi.

Orol – Paxtakor-2 1:3.
Nukusliklarning ikkinchi bosqichdagi mag'lubiyatli seriyasi bu turda ham davom etdi. Uzoq yo'l bosib, o'yin boshlanishiga bir necha daqiqalar qolganida stadionga yetib borgan “Paxtakor-2” shunga qaramay, safardan ijobiy natija bilan qaytdi. Buning uchun Ilhom Mo'minjonov jamoasiga qoyil qolmasdan iloj yo'q.

Xorazm – Oq-tepa 5:1. 
“Xorazm”ning natijasi ijobiylashib bormoqda. Birinchi liganing shtatniy ishtirokchisi bo'lgan “Oq–tepa”ni qabul qilgan urganchliklar shu kuni o'z muxlislari qarshisida gollar shousini uyushtirishdi. Mansur Davletov shogirdlari birinchi bo'limning o'zidayoq toshkentliklar darvozasiga 4ta to'p kiritib, uchrashuv taqdirini hal etib bo'lishgandi, qaysidir manoda.

Alanga - Andijon 0:1.
Bundan oldingi ikki turda qimmatli ochkolardan quruq qolgan “Alanga” bu safar o'z maydonida bitta avtogol hisobiga mag'lubiyatga uchradi. Bu albatta har qanday jamoa uchun alamlidir. “Andijon” esa mazkur turda ham uch ochko ishladi va maqsad sari dadil odimlamoqda.

Sherdor – Qo'qon-1912 0:2.
Samarqand jamoasi oraliq tanaffusda o'z tarkibini sezilarli ravishda kuchaytirib olgan bo'lishiga qaramay, barqaror o'yin namoyish eta olmayapti. Jamoa ikkinchi bosqichdagi uchinchi mag'lubiyatini qabul qilib oldi.

Registon – Kosonsoy 2:1.
Mazkur o'yin taqvimga ko'ra, payshanba kuni o'tkazildi. Unda “Kosonsoy” yutishi ham mumkin edi. Chunki uchrashuvda birinchi bo'lib, hisobni aynan mehmonlar ochishga erishgandi. Ammo keyinchalik “Registon” futbolchilari hisobni tenglashtirishga erishdi. Shundan so'ng bahsni boshqarib borgan hakam Rustam Tolibjonov (Farg'ona) kosonsoyliklarning asosiy o'yinchi Ilhom Telyakovga qizil kartochka ko'rsatib maydondan chetlatdi. Bu ham etmaganidek, “Kosonsoy” uchrashuvning 78-daqiqasida penaltidan jabr chekdi. Shu tariqa registonliklar g'alabani o'z tomonlariga og'dirib yuborishdi.

Zarafshon-NCZ – Chust-Paxtakor 3:1.
Ushbu uchrashuvda ham birinchi bo'lib, vodiy jamoasi hisobni ochishga erishgandi. Mmo chustliklar buni bahs oxiriga qadar saqlab qola bilishmadi.

27TA GOL. 2TA DUBL. 4TA PEALTI!
O'tkazilgan 8ta o'yinda muxlislar jami 27ta gol ko'rishdi. Ularning 14tasi birinchi bo'limda kiritilgan bo'lsa, qolgan 13ta gol esa o'yinlarning ikkinchi taymida amalga oshgan.

Turning eng tekzor goli – 3-daqiqaga to'g'ri keldi. “Xorazm” himoyachisi Marat Hoshimov ushbu daqiqada o'yindagi hisobni ochishga erishdi.

Turning eng so'nggi goli – 90+2-daqiqada Iskandar Alimboev kiritgan to'p bo'ldi.
Mazkur turda eng ko'p golni, “Xorazm” kiritdi. Urganchliklar “Oq-tepa” darvozasiga naqd – 5ta to'p kiritishga erishdi!

3-turda dubl qayd etgan futbolchilar soni ikkitani tashkil etdi. “Spartak”ning to'purari, Firdavs Asadov “NBU-Osiyo” darvozasini ikki bor aniq nishonga ola bildi. Ikkinchi bosqichni “Registon”da boshlagan iqtidorli hujumchi Uyg'un Bobonazarov ham ushbu turda o'z hisobiga ikkita gol yozdirib qo'ydi.

Ortda qolgan uchrashuvlarda hakamlar to'rt marotaba penalti belgilashdi. Uning ikkitasi aniq amalga oshirilgan bo'lsa, yana ikkitasi noaniq tepilgan. “Spartak” a'zosi Suhrob Qobilov va “Registon” yarim himoyachisi Jasur Qoraev bu borada nuqtadan adashishmagan bo'lsa, “Orol”ning to'purari Mansur Abdullaev va “Xorazm” sardori Mars Quranboevga bu borada sovuqqonlik yetishmadi.

36TA SARIQ, 3TA QIZIL KARTOCHKA
Kartochkalar haqida gap ketganida 3-turda hakamlar futbolchilarga jami 36ta sariq va 3ta qizil kartochka ko'rsatishdi. Bu har bir o'yinga o'rtacha 4,5tadan sariq kartochka demakdir.

Eng ko'p ogohlantirilgan jamoa bu “Istiqlol” bo'ldi. “Mashal” qarshi kechgan o'yinda bu jamoa futbolchilariga bosh hakam olti marotaba sariq ko'rsatishga qaror qildi.
“Orol” esa bu borada boshqalarga o'rnak bo'ldi. Garchi Nukus jamoasi ushbu turda mag'lubiyatga uchragan bo'lsada, jamoa futbolchilari o'yinni kartochkalarsiz o'tkazishgani tahsinga loyiq!

“NBU-Osiyo” himoyachisi Vusol Magerramov, “Kosonsoy” yetakchisi Ilhom Telyakov va “Paxtakor-2” o'yinchisi Xojiakbar Haydarov ushbu turda bosh hakam tomonidan chetlatilgan futbolchilardir.

8TA O'YINGA JAMI 6023 TOMOSHABIN!
Muxlislar tashrifi bu turda sezilarli ravishda pasayib ketganini ko'rish mumkin. Ortda qolgan turning 8ta bahsiga hammasi bo'lib 6023nafar tomoshabin qadam ranjida qilgan!

O'z vaqtida oliy liga o'yiniga ham bunchalik tomoshabin kirsa, bunga salbiy qaralar edi. Bugungi kunga kelib, ishqibozlarning stadionga kelishi borasida maqtana olmaymiz.
3-turdagi jami 6023ta tomoshabinni har bir o'yinga teng taqsimlaydigan bo'lsak, 752,8tadan tomoshabin kirganini ma'lum bo'ladi!

Eng ko'p muxlis “Zarafshon-NCZ”ning uy o'yiniga kirgan bo'lsa, bu borada eng yomon ko'rsatkich, “Spartak”ka tegishli bo'ldi!

Muxlislar tashrifi kimda qanday?
Mashal – Istiqol. Muborak. 439 tomoshabin.
Spartak – NBU-Osiyo. Buxoro. 126 tomoshabin.
Orol – Paxtakor-2 . Nukus. 1431 tomoshabin.
Xorazm – Oqtepa. Urganch. 1053 tomoshabin.
Alanga - Andijon. Koson. 492 tomoshabin.
Sherdor – Qo'qon-1912. Samarqand. 227 tomoshabin.
Registon – Kosonsoy. Registon. 505 tomoshabin.
Zarafshon-NCZ – Chust-Paxtakor. Navoiy. 1750 tomoshabin.

KEYINGI TURDA UCHRASHADILAR
4-tur. 24 avgust (shanba)

25. Spartak – Istiqlol
26. Mashal – NBU-Osiyo
27. Xorazm – Paxtakor-2
28. Orol – Oqtepa
29. Sherdor - Andijon
30. Alanga – Qo'qon-1912
25 avgust (yakshanba)
31. Zarafshon-NCZ – Kosonsoy
32. Registon – Chust-Paxtakor

Islombek Rustambekov tayyorladi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia