APL. Bugun Mourinyo "Old Trafford"da mehmon bo'ladi (prevyu)

Mirjalol Normatov
4 dek 2019, 14:58
Kecha APLning 15-turi start oldi.

Yevropa qishki vaqtga o'tib, biz uchun noqulayroq vaqtda boshlanayotgan uchrashuvlarning qiziqarliligi baribir yo'qolmagan. Mavsumni omadli boshlagan "Kristal Pelas" kecha o'z maydonida bir kishi kam bo'lib qolgan bo'lsa-da, uchrashuvning so'nggi choragida kiritilgan gol evaziga "Bornmut"ni mag'lubiyatga uchratdi. Shuningdek, amaldagi chempion - "Manchester Siti" safarda "Bernli"ni yirik 4:1 hisobida tor-mor etdi.

Ammo APLning birorta turi muxlislarni zeriktirib qo'ymaydi. Qayd etish kerak, Joze Mourinyo va "Tottenxem" ushbu turda "Old Trafford"da mehmon bo'ladi.

"MANCHESTER YUNAYTED" - "TOTTENXEM"

"Old Trafford", Manchester.

Premer Liga, 15-tur.

Chorshanba, 4 dekabr 2019 yil

Boshlanish vaqti: 19:30 (Manchester) - 00:30 (Toshkent).

O'yindan oldingi matbuot anjumanida mankunianliklar ustozi Ole-Gunnar Sulsher yarim himoyachi Pol Pogba jarohatidan to'liqligicha forig' bo'lmagani va shu boisdan bahsda qatnasha olmasligini aytdi. Shuningdek, bugun Angliya matbuoti Antoni Marsyal ham bahsdan chetda qolishini ma'lum qildi. Undan tashqari, Nemanya Matichda ham kichik jarohat bor. Aksincha, jarohatidan forig' bo'lgan Skott MakTominey esa uchrashuvda qatnashishga shay holatda.

"Tottenxem" esa Erik Lamela va Mishel Vormsiz o'ynaydi. Shuningdek, Ugo Loris hamda Ben Devis ham o'yinni muxlis sifatida kuzatishadi. Umuman olganda "Tottenxem"dan ko'ra MYUda yo'qotishlar biroz jiddiyroq.

O'YINOLDI MA'LUMOTLAR

"Manchester Yunayted"

Ayni damda 18 ochko bilan 9-o'rinda.

Sulsher jamoasi 14 uchrashuvdan keyin 18 ochko jamg'arishdi. Bu jamoaning 1988-89 yildan beri qayd etgan eng yomon natijasi bo'lib turibdi. MYU APLda o'tgan so'nggi 19 o'yinining atigi 4tasida g'alabaga erishdi.

Fevral oyidagi ketma-ket 3 "quruq" o'yindan keyin Sulsher shogirdlari APL doirasidagi 25 o'yinning atigi ikkitasida gol qo'yib yubormadi va 36 gol o'tkazib yubordi. Jamoaning eng uzoq mag'lubiyatsiz seriyasi 3 o'yinni tashkil qilmoqda.

Mankunianliklar ushbu mavsumda belgilangan 6 penaltining 4tasidan unumli foydalana olmadi. Hozircha ular bir mavsumda 11 metrli jarimadan foydalana olmaslik borasida "Tottenxem" (1994-95) va "Liverpul" (2011-12) kabi jamoalardan ortda ketmoqda - 5tadan.

"Tottenxem"

Ayni damda 20 ochko bilan 5-o'rinda.

Joze Mourinyo Angliyaning yuqori divizionida "Tottenxem" boshqaruvidagi dastlabki uch uchrashuvida g'alabaga erishgan ilk murabbiyga aylanishi mumkin. "Shporlar" APL doirasida safarda o'tgan so'nggi 7 o'yinning 1tasida g'alabaga erishgan, holos.

Ular o'z darvozalaridan ketma ket 10-bahsda ham gol o'tkazib yuborishlari mumkin. Bunga qadar londonliklar 2010 yilda ketma-ket 17 o'yinda o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qola olmagandi.

O'ZARO O'YINLAR

Tomonlar barcha turnirlarda o'zaro 191 uchrashuv o'tkazishgan. "Yunayted" 90, "Tottenxem" 52 o'yinda g'alabaga erishgan. 49 o'yinda esa g'olib nomi aniqlanmagan.

Ikki raqib ham o'tgan mavsumda bir-birining maydonida g'alabaga erishgan - 0:3 va 0:1. "Yunayted" APL doirasida "Tottenxem"ga qarshi o'tgan so'nggi 7 o'yinning 3tasida yutqazib qo'ygan.

2015 yildan keyin ilk marta mankunianliklar "shporlar"ni ketma-ket ikki o'yinda mag'lub etish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

HAKAMLAR BRIGADASI

Bosh hakam: Pol Tirni (Lankashir).

Bu mavsumda 11 o'yinda ishlagan hakam 35 bora sariq kartochkani cho'ntagidan chiqargan.

Qanot hakamlari: Konstantin Xacidakis, Xarri Lennard.

Zaxiradagi hakam: Styuart Etvell.

Video-assistent (VAR): Maykl Oliver.

Video-assistent yordamchisi: Styuart Bart.

Bugungi uchrashuv saytimiz orqali matnli translyatsiya qilinadi. Bahsni o'tkazib yubormang!

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia