Ana xolos, Shayx Salmonning bir o'zi qoldi

Xayrulla Xoliqov
30 mar 2019, 12:44
Shu yilning 6 aprel kuni OFK prezidentligi uchun saylov bo'lib o'tadi.

OFK prezidentligi uchun nomzodlar uch nafar edi. Bular - amaldagi prezident Shayx Salmon Ibrohim bin Xalifa (Bahrayn), Muhammad Al Romaiti (BAA) hamda Saud Al Mohannadi (Qatar). 

Mart oyi yarmida amirlik fuqarosi Muhammad Al Romaiti saylovda qatnashmasligi hamda o'z nomzodini qaytarib olgani haqida xabar bergandik. Endi bo'lsa qatarlik Saud Al Mohannadi ham saylovda ishtirok etishdan voz kechdi. 

Endilikda prezidentlik uchun kurashda faqat Shayx Salmonning bir o'zi qoldi va 6 aprel kuni uning yana to'rt yil muddatga saylanishi ma'lum bo'ldi. OFKga a'zo 47ta assotsiatsiyadan 40tasi allaqachon o'z ovozini amaldagi prezidentga berib bo'lgan. 

Saud Al Mohannadi o'z nomzodini qaytarib olgach, Qatar futbol assotsiatsiyasi rasmiy sayti orqali shunday dedi: "Men shaxsan, shu bilan birga Qatar FA ham Shayx Salmon nomzodini qo'llab-quvvatlaymiz. O'ylaymanki, hozirgi prezident boshchiligida Osiyo futboli ko'zlangan maqsadga erishadi". 

Arab futbol saytlarining yozishicha, qatarlik Saud Al Mohannadi OFK prezidentligi uchun kurashdagi raqobatchisi Muhammad Al Romaiti o'z fikridan voz kechganidan so'ng shunday qarorga kelgan. 

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: arabnews.com