“Ziko”ning dubli “Mashal”ning ilk mag'lubiyatiga etarli bo'ldi

Narzulla Saydullayev
16 avg 2013, 14:58
O'zbekiston Birinchiligining 2-bosqich 2-tur uchrashuvlari bo'lib o'tdi.

1-turda Buxoroning “Spartak” klubini mag'lub etib, ikkinchi bosqich o'yinlarini g'alaba bilan boshlagan jamoamiz bugun liga yetakchisi, oliy ligaga chiqish uchun asosiy da'vogar, mavsum boshidan buyon hali mag'lubiyat neligini bilmay kelayotgan “Mashal”ni qabul qildi. Uchrashuv tengkurashlar ostida kechdi. Futbolchilarimiz tajribali raqibdan cho'chimay, g'alaba uchun harakat qilishdi. Hisob birinchi bo'limdayoq vakillarimiz tomonidan ochilishi mumkin edi, ammo Ahmadjonovning bosh bilan yo'llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Jamoamiz to'purari hisoblangan Maruf ikkinchi bo'limda ham o'z hisobiga gol yozib qo'yish imkoniyatiga ega bo'ldi. Biroq u bu safar ham qulay vaziyatdan foydalana olmadi. “Mashal” posboni O'tkir Yusupov Ahmadjonov qarshisida yolg'iz qolgan bo'lsa-da, o'z mahoratini namoyish qilgan holda “gazchilar”ni muqarrar goldan saqlab qoldi.

Mehmonlarda ham Valeriy Karpenko darvozasini ishg'ol qilish uchun imkoniyatlar bo'ldi. Ammo har safar himoyachilarimiz va posbonimiz o'zini ko'rsatdi. Ayrim vaziyatlarda “gazchilar”ning o'zlari xatoga yo'l qo'yishdi. Lekin bellashuvdagi hisobni “Mashal” ochdi. Eldor Shomurodov ikkinchi bo'limning 17-daqiqasida mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo bu gol raqibga emas, futbolchilarimizning kuchiga kuch qo'shdi. Hisob oradan besh daqiqa o'tib tenglashdi. Jarima maydoni ichida Zokir Mirzaahmedovga muborakliklar himoyachisi Sherzod Fayziev qo'pollik ishlatgani uchun Igor Gormashov penalti belgiladi. Nuqtaga jabrlanuvchining o'zi yaqinlashdi va Yusupovga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda hisobni 1:1 ko'rinishga keltirdi. Shundan so'ng o'yin biroz asabiy ko'rinish oldi. Boisi, ikkala jamoaga ham g'alaba zarur, futbolchilar darvozalarni ishg'ol qilish uchun borini berib harakat qilayotgan edi. Qolaversa, bosh hakam tushunarsiz qarorlari bilan ikkala jamoa a'zolarini ham asabiylashishga majbur qildi.

83-daqiqada mehmonlar chap qanotda futbolchilarimizga nisbatan qo'pollik ishlatishdi. Jamoamiz sardori Zokir Mirzaahmedov, yani “Ziko” 25 metrlardan belgilangan jarima to'pini aylana zarbasi bilan darvozaning uzoq burchagina joylab qo'ydi. Himoyachilarga ishonib qolgan Yusupov darvozasi tomon yo'l olgan to'pni nigohlari bilan kuzatib qoldi xolos – 2:1. Qolgan daqiqalar yanada asabiy tus oldi. Natijada mehmonlar himoyachisi Xolmurod Xolmurodov o'yinni jamoadoshlaridan oldin yakunladi. Shu tariqa “Oq-tepa” navbatdagi g'alabasiga erishdi. “Ziko”ning dubli mavsum davomida mag'lubiyat neligini bilmay kelayotgan “Mashal”ning ilk mag'lubiyatga etarli bo'ldi.

“OQ-TEPA” – “MASH'AL” – 2:1 (0:0)

15 avgust. Toshkent. “Oq-tepa” stadioni. 756 tomoshabin.

Bosh hakam: Igor Gormashov (Toshkent).

Qanot hakamlari: Sanjar Shoyusupov (Toshkent), Rustam Lutfullin (Toshkent).

Zaxiradagi hakam: Ahmadjon Ergashev (Toshkent).

Nazoratchi: Vladimir Beglaryan (Nukus).

“Oq-tepa”: Valeriy Karpenko, Alisher Alimov, Vadim Lyubinskiy, Doniyor Usmonov, Andrey Shashkov, Zokir Mirzaahmedov, Bobur Abdurahmonov, Nikita Pavlenko (Aleksey Loktionov, 90+1), Vadim Nichunaev (Ilhom Rajabov, 90+2), Xushnud Mamatov (Azamat Mamajonov, 56), Maruf Ahmadjonov (Shohruz Norxonov, 86).

“Mashal”: O'tkir Yusupov, Dilyaver Vaniev, Viktor Klishin (Bahodir Murtazoev, 62), Shahzod Shaymanov (Durbek Kamolov, 62), Oybek Polvonov, Eldor Shomurodov (Zohir Qo'ziboev, 70), Jamshid Hasanov (Ixtiyor Toshpo'latov, 82), Xolmurod Xolmurodov, Abbos Shodmonov, Sherzod Fayziev, Salamat Quttiboev.

Gollar: Eldor Shomurodov, 62 – 0:1. Zokir Mirzaahmedov, 66-penaltidan – 1:1. Zokir Mirzaahmedov, 83 – 2:1.

Ogohlantirishlar: Dilyaver Vaniev, 34. Abbos Shodmonov, 52. Zohir Qo'ziboev, 72. Oybek Polvonov, 84. Azamat Mamajonov, 88. Shohruz Norxonov, 90.

Chetlatish: Xolmurod Xolmurodov, 88.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: oq-tepa.uz