

Daniel Arzani (Avstraliya): "Melburn Siti"dan "Manchester Siti"ga
Ikki oy oldin JCH-2018 musobaqasida Fransiya termasiga qarshi maydonga tushgan Daniel Arzani avstraliyaliklar safida eng yosh futbolchi bo'lgandi. U "Melburn" tarkibida atigi olti oy to'p tepgach, darhol Yevropaga yo'l oldi. Arzani "Mansester Siti" bilan shartnoma tuzdi. Keyinchalik esa ijara asosida "Seltik"da o'ynaydigan bo'ldi. U yaqin ikki yilni shotland klubi safida o'tkazadi.
Trent Seynsburi (Avstraliya): "Jinangsu"dan PSVga
Avstraliyalik yana bir futbolchi "Ko'hna qita" tomon yo'l oldi. Seynsburi Xitoyning "Jiangsu" klubidan Gollandiya chempioni PSV safiga ko'chib o'tdi. Bundan buyon ushbu futbolchi Mark van Bommel qo'l ostida to'p tepadi.
Vohid Amiri (Eron): "Persepolis"dan "Trabzonspor"ga
Oxirgi paytlarda Vohid Amiri haqida ko'p iliq fikrlar yangramoqda. Qizig'i shundaki, Amiri 25 yosh to'lgunga qadar Eron Superligasida o'ynamagandi. U "Persepolis"ga kelgach, tez orada sovrinlarga ega chiqdi va ikki bor mamlakat chempioni bo'ldi. Shuningdek, jahon chempionatida ham o'zini ko'rsata oldi. Mana endi u Turkiya klubi safida harakat qiladi.
Naomichi Ueda (Yaponiya): "Kashima Antlers"dan "Bryugge"ga
Garchi bu futbolchi JCH bahslarida umuman maydonga tushmagan bo'lsa-da, Belgiyaning "Bryugge" klubi skautlariga maqul kelib darhol shartnoma imzolashdi. Chunki "Bryugge" ko'proq futbolchining OCHLdagi harakatlarini kuzatdi. Ma'lumot uchun, Ueda 2016 yil U-23 Osiyo chempionatida o'ynagan. Endilikda u ham o'z kuchini Yevropada sinab ko'radi.
Musa Al Taamari (Iordaniya): "Shabab Al Ordun"dan APOELga
21 yoshli iordaniyalik futbolchi ham bu yil yozda Yevropaga yo'l oldi. Musa Al Taamari OFK Kubogi bahslarida oltita gol urishga erishdi. Keyinchalik esa Kiprning eng nomdor klubi APOELdan tushgan taklifni qabul qildi. Iordaniya matbuoti ushbu futbolchini nihoyatda iqtidorli deb yozmoqda.
Li Ja Sung (J.Koreya): "Chonbuk Motors"dan "Xolshtayn Kiel"ga
Jahon chempionatida Germaniya mag'lub etilgach, koreyaliklar futbolchisi Li Ja Sung "Chonbuk Xyunday Motors"dan Germaniyaning ikkinchi Bundesligasi vakili "Xolshtayn Kiel" klubiga yl oldi. Bu futbolchi "Chonbuk" safida uch marta Janubiy Koreya chempioni shuningdek, 2016 yil OCHL g'olibi bo'lgan.



