Yaponiyalik jurnalist: "Menimcha, Osiyo Kubogini bu safar G'arb jamoasi yutadi"

Xayrulla Xoliqov
5 may 2018, 15:32
Kecha bo'lib o'tgan Osiyo Kubogi-2019 qur'a tashlash marosimida bir qator OAV xodimlari ham ishtirok etdi.

Shulardan biri Yaponiyaning "Asahi TV" muxbiri Yota Nagaxata. Ma'lumki, O'zbekiston terma jamoasi "F" guruhida Yaponiyaga qarshi bahs olib boradi. Shu bois yapon jurnalistining fikrlari biz uchun qiziq bo'ldi.

- "Qur'a yaxshi o'tdi. Barcha guruhlar teng deb o'ylayman. Albatta, meni birinchi navbatda Yaponiyaning qaysi guruhga tushishi qiziqtirdi. Guruhimiz yaxshi ko'rinish oldi, birinchi-ikkinchi o'rinlar uchun O'zbekiston va Yaponiya kurashadi. Yaponiya turnir g'olibligini qo'lga kirita oladimi? Bir narsa deyish qiyin, chunki bizning terma jamoada o'ynayotgan ko'p futbolchilarning yoshi katta va ularning aksariyati Jahon chempionatidan keyin faoliyatini tugatsa kerak. Keyin esa yoshlardan yangi jamoa tuzish kerak bo'ladi".

- "O'zbekiston o'ziga yarasha kuchli jamoa. Bu jamoaga qarshi o'ynash biz uchun ham qiziq bo'ladi. Menimcha, bu safar Osiyo Kubogini G'arb vakili yutsa kerak. Taxminim BAA yoki Saudiya Arabistoni. Balki Eron bo'lishi mumkin. Chunki musobaqa G'arbda o'tkaziladi va e'tibor ham ko'proq g'arbliklar tomoniga bo'ladi. Yaponiya terma jamoasini hozir mahalliy murabbiy mundialga tayyorlamoqda. U aslida murabbiy emas, balki menejer sifatida bilamiz. Lekin federatsiya shu qarorga kelib terma jamoaga tayinladi. Vohid Xalilxodjich yaxshi ish olib borayotgandi, biroq u oxirgi paytlarda futbolchilar hamda federatsiya rahbarlari bilan janjallashadigan bo'lib qolgandi. Shu bois tezda iste'foga chiqarildi".

X.Xoliqov, Dubaydan maxsus.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia