Yaponiya OFKni tark etmoqchi

Оқил Абдубарноев
18 okt 2025, 13:42
Yaponiya Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) tarkibidan chiqib, yangi Sharqiy Osiyo Federatsiyasini tuzishi mumkin.

Ushbu qadam Yaponiya futbol assotsiatsiyasi (JFA)ning tashkilotdagi firibgarlik va korrupsiyaga qarshi noroziligi ortib borayotgani bilan bog'liq.

Iroqning UTV nashri ma'lumotiga ko'ra, JFA Saudiya Arabistonida o'tkazilgan Elit Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasi atrofidagi bahsli qarorlardan so'ng OFKda "badavlat arab mamlakatlari ta’siri" kuchayib borayotganidan g'azablanmoqda.

Yaponiyaning "Vissel Kobe" klubi "Shandun Tayshan" jamoasining musobaqani tark etishi oqibatida turnir jadvalidagi o'rnini yo'qotganidan keyin jiddiy zarar ko'rdi. Shunga qaramay, OFK Kobeni avvalgi voqea uchun 10 ming dollar miqdorida jarimaga tortdi. Bu qaror ikki yoqlama standart sifatida baholandi.

JFA Yaponiya klublari va futbolchilari, jumladan Takefusa Kubo kabi Yevropada o'ynaydigan yulduzlar, adolatsiz taqvim va boshqaruv muammolaridan aziyat chekayotganini takidlamoqda.

Manbaning qo'shimcha qilishicha, agar Sharqiy Osiyo tashkiloti tuzilsa, Yaponiyaga boshqa davlatlar, jumladan, Iroq ham qo'shilishi mumkin. Bu harakat Osiyo futbolining hozirgi kuch tuzilmasini larzaga solishi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: UTV