“Yangibozor”- Xorazm viloyati kubogi sohibi

Narzulla Saydullayev
30 avg 2013, 10:15
Urganch davlat universiteti o'yingohida Xorazm viloyati kubogining joriy yilgi final uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Unda Yangibozor tumanining “Yangibozor” jamoasi va Urganch shahrining “Urganch OZK-2” jamoalari o'zaro kuch sinashishdi.
  
Qiziqarli va keskin kurashlar ostida kechgan mazkur o'yinda Umidbek Jumamurotov ustozlik qilayotgan “Yangibozor” jamoasi yirik, 4:1 hisobida zafar quchdi va 2013 yilgi Xorazm viloyati kubogi sohibiga aylandi.
  
Shu o'rinda “Yangibozor” jamoasi o'tgan yili U. Jumamurotov boshchiligida viloyat birinchiligida faxrli uchinchi o'rinni egallaganini qayd etib o'tish joizdir. Bundan kelib chiqadiki,  yangibozorlik bu murabbiyning faoliyatidagi ushbu natijani o'sishga qiyoslash mumkin albatta.
  
- Jamoamiz asosini tumanimizdagi 9-son futbolga ixtisoslashgan maktab-internati tarbiyalanuvchilari tashkil etishadi, - deydi U. Jumamurotov. –  Bugungi kunda yosh futbolchilarimizning amaliy tajribalarini maromiga etkazish maqsadida turli musobaqalarda ishtirokini  taminlanayapmiz. Ko'rib turganingizdek, say-harakatlarimiz besamar qolmayapti. Shogirdlarimiz yuqori ko'rsatkichlar qayd qilishmoqda. Tabiiyki, ushbu muvaffaqiyatimiz o'z-o'zidan bo'layotgani yo'q. Fursatdan foydalanib, jamoamizni har tomonlama qo'llab-quvvatlab turgan tumanimiz hokimligiga va maktab-internatimiz rahbariyatiga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ikrom XUDOYBERGANOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia