

Tajribali sobiq hakam bilan gaplashganimda bir gapni aytdi: "Har bir futbol klubi yangi mavsumga taxminan 2-3 oy davomida tayyorgarlik ko'radi, kerak bo'lsa chet elga borib o'rtoqlik o'yinlari o'tkazadi, trenajer zallari, basseyn, sauna va tiklanish jarayonlari ham o'tkaziladi. Hakamlarimizchi? Aslida hakamlar ham xuddi futbolchilar singari chempionatga tayyorgarlik ko'rishlari zarur! Ular ham yig'in o'tkazishlari, maydonda shug'ullanishlari va tiklanishlari shart".
O'ylab qoldim, so'nggi paytlarda futbol uchrashuvlarida hakamlar o'z xatolari orqali birinchi planga chiqib qolishmoqda. Lekin ularning tayyorgarligi uchun O'FA va O'zFHM tomonidan etarli sharoitlar yaratilganmi? Ular ham futbolchilardek yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rishyaptimi degan savol barchamizni o'ylantirishi zarur. Qaysidir yili hakamlarimiz uchun Turkiyada maxsus o'quv-mashg'ulot yig'ini tashkil etilgandi. Shundan keyin bunday narsa bo'lganini eslay olmadim. Hakamlarimiz kamroq xato qilishini istasak ularga ham jiddiyroq e'tibor qaratishimiz kerak deb o'ylayman.



