“Xotira-79” pulkaga tayyorgarlikni boshladi

18 sen 2013, 11:28
Avval xabar berib o'tganimizdek, birinchi ligada qolish uchun jamoalar pulka bahslari orqali aniqlanadi.
Bu musobaqaga joriy yil Namangan viloyati mezbonlik qilishi aniq bo'lib ulgurdi. Katta extimol bilan 8ta jamoa ishtirok etishi kutilayotgan, pulka o'yinlari Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Paxtakor” markaziy stadionida o'tkazilishi rejalashirilmoqda.

Ma'lumki, bu yil Uychining “Xotira-79” jamoasi ham birinchi ligada ishtirok etdi va birinchi bosqich natijalariga ko'ra, klub ishtirokini to'xtatishiga majbur bo'ldi.

Olgan ma'lumotlarimizga ko'ra, jamoa pulkada ishtirok etish uchun tayyorgarlikni qizg'in suratda olib bormoqda. Bosh murabbiy Shavkat Ahmedov qo'li ostida bugungi kunda asosan yosh futbolchilar shug'ullanishmoqda. Klubning yetakchi himoyachisi G'iyosjon Komilov ikkinchi bosqich o'yinlari arafasida “Andijon”ga o'tib ketdi va shuningdek undan tashqari yana bir nechta tajribali futbolchilar ham “Xotira-79” bilan xayrlashishdi.

Murabbiylar shtabi yo'qotishlar o'rnini mahalliy yoshlar bilan to'ldirib borishga va pulkada o'z oldiga qo'yilgan vazifani, yani birinchi ligada qolish uchun kurashishga qattiq bel bog'lagan.

Manba: championat.asia