Xorazmlik Vali Sultonov 47 yoshda

Narzulla Saydullayev
11 apr 2018, 18:02
Urganchlik Vali Sultonov mamlakatimiz futbol ahliga futbolchi va murabbiy sifatida yaxshi tanish insonlar.

U futbolchilik  davrida “Jayhun”, “Quruvchi”(Urganch, 1989-91 yillar), “So'g'diyona”(Jizzax, 1992), “Sitora”(Buxoro, 1993), “Turon”(Doshhovuz, Turkmaniston, 1994), “Dinamo”, “Xorazm”, “Jayhun”, “Xorazm-2003”(Urganch, 1994-98, 2000-2004 yillar), “Xiva”(Xiva, 1999) jamoalarida to'p surgan. 1992 yili “So'g'diyona” jamoasi safida O'zbekiston milliy chempionatining bronza medali sohibi bo'lgan.

U murabbiylik faoliyatida faqat Xorazm viloyati jamoalarida faoliyat yuritdi. Jumladan, qator yillar oliy ligada “Xorazm”(Urganch), birinchi ligada “Hazorasp”(Hazorasp) jamoalarini boshqardi. Aytish joizki, uning ustozligida  Xorazm viloyati terma jamoasi  “Umid nihollari-2003” sport musobaqasining futbol turnirida g'olib bo'ldi. “Xorazm” jamoasi  2010 yili O'zbekiston professional futbol ligasi kubogini qo'lga kiritdi. Qolaversa, faoliyati mobaynida ko'plab taniqli futbolchilarni voyaga etkazdi. Ayni damda, “Xorazm” faxriylar jamoasining yetakchi futbolchisi hisoblanadi.

Bugungi kunda V. Sultonov  Urganch shahridagi Sport o'yinlari va engil atletikaga ixtisoslashgan bolalar-o'smirlar sport maktabida metodist vazifasida samarali mehnat qilayotir. Buning barobarida, BO'SMning “Yoshlik” jamoasi  yosh futbolchilarini etuklik sari etaklayapti. Kelgusida Vali Sultonovning  umidlari katta. Binobarin, Xorazm futboli dovrug'ini yanada ko'tarish ishtiyoqida.

11 aprel - Xorazm vohasi futboli tarixidan o'chmas iz qoldirgan Vali Sultonovning tug'ilgan kuni. Fursatdan foydalanib, saytimiz nomidan unga sihat-salomatlik, baxt saodat va omad, futbolimiz rivoji yo'lidagi ishlariga baraka tilaymiz.

Ikrom  XUDOYBERGANOV

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia