Xo'jaylida futzal bo'yicha turnir bo'lib o'tdi

Narzulla Saydullayev
16 yanv 2018, 12:11
Xo'jayli tumanidagi 1-sonli bolalar va o'smirlar sport maktabining sport zalida “Futbol” bo'limining guruhlaridagi 2003 va 2004 yillarda tug'ilgan bolalar o'rtasida futzal bo'yicha “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni”ga bag'ishlangan turnir o'tkazildi.

Musobaqani o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad yosh futzalchilarni aniqlash va ularni Xo'jayli tumani terma jamoasiga taklif etish edi.

Musobaqa yakunlariga ko'ra 2003 yilda tug'ilgan yosh o'smirlar o'rtasida 66-sonli maktab filialining “Real-Kombinat” jamoasi g'oliblikni qo'lga kiritdi.

- Bu jamoa futbolchilari yaqin orada “Orol”ning asosiy tarkibidan joy olishadi. Ularda tezlik va texnika bor. Faqat o'z ustilarida ishlashdan to'xtamasliklari kerak. Balki kelajakda O'zbekiston terma jamoasida ham to'p surib ketishar. Bu o'zlariga ham bog'liq”, - deydi “Real-Kombinat” jamoasi ustozi A.Qadirov.

2004 yilda tug'ilgan o'smirlar o'rtasida esa g'oliblik 1-sonli bolalar va o'smirlar sport maktabi filialining “Xoja-eli” jamoasiga nasib etdi. Jamoa ustozi J.Nurjanovning so'zlariga ko'ra, musobaqada ishtirok etgan o'smirlar orasida iqtidorlilari juda ham ko'p va yaqin kelajakda qoraqalpoq futboli ancha oldinga qadam tashlaydi.

Musobaqa yakuniga tashkilotchilar g'olib va sovrindorlarni diplom, medal va sovg'alar bilan taqdirlashdi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia