Wikipedia U-20 Arab Kubogida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi ishtirok etishini ma'lum qildi

Xayrulla Xoliqov
10 iyun 2021, 14:14
31 may kuni saytimiz orqali Misrda U-20 Arab Kubogi musobaqasi bo'lib o'tishi haqida xabar bergandik.

Ushbu musobaqaga qur'a Saudiya Arabistoni poytaxti Ar Riyodda tashlandi. Arab futbol assotsiatsiyalari birlashmasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur turnir bu yil 5-marta o'tkaziladi hamda navbatdagi musobaqaga Misr mezbonlik qiladi. 

Bu yilgi musobaqa 20 iyun kuni start oladi va 6 iyulga qadar davom etadi. Jami ishtirokchilar 8tani tashkil etyapti. Qur'a tashlash arafasida "D" guruhidagi oxirgi jamoaning kimligi noma'lum edi. Biroq U-20 Arab Kubogining Vikipediya sahifasida to'rtinchi jamoa O'zbekiston yoshlar termasi ekani haqida ma'lumot paydo bo'ldi.  Ushbu musobaqada 2003 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat O'zbekiston U-18 terma jamoasi U-20 sifatida ishtirok etadi. Ayni paytda bu jamoada bosh murabbiy Dmitriy Kim hisoblanadi. Unga Ildar Magdeev va Davron Karimqulov yordam berishmoqda.


Shunday qilib guruhlar quyidagicha ko'rinish olgan: 

"A" guruhi - Misr, Niger Respublikasi, Mavritaniya, Jazoir. 

"B" guruhi - Marokash, Tojikiston, BAA, Djibuti. 

"C" guruhi - Senegal, Livan, Iroq, Komoro orollari. 

"D" guruhi - Tunis, Yaman, Saudiya Arabistoni, O'zbekiston. 


O'zbekiston yoshlar terma jamoasining guruh o'yinlari taqvimi:

21 iyun. O'zbekiston - Saudiya Arabistoni

24 iyun. O'zbekiston - Tunis

27 iyun. O'zbekiston - Yaman

U-20 Arab Kubogi ilk bor 2011 yil Marokashda o'tkazilgan bo'lib, Marokash yoshlar termasi g'alaba qozongan. 2012 yil Iordaniyada tashkil etilgan musobaqada Tunis chempionlikni nishonlagan. Mazkur musobaqa 2013-2019 yillar oralig'ida o'tkazilmadi. O'tgan yil Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan turnirda Senagal U-20 terma jamoasi g'oliblikni qo'lga kiritdi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia