Vitinya: “PSJ xatolar ustida ishlashi kerak”

Sherzod Nurmatov
15 okt 2026, 16:39
PSJ yarim himoyachisi Vitinya Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining 2-turi doirasida "Manchester Siti" ustidan qozonilgan g'alabaga (4:2) izoh berdi.

Portugaliyalik futbolchi uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi deb topildi.

"O'zimni xuddi butun jamoamiz kabi ajoyib his qilyapman. PSJ shunchaki qoyilmaqom o'yin o'tkazdi. Bu yerda o'ynash juda qiyin, ammo birinchi bo'limni dahshatli tarzda o'tkazdik. Ikkinchi bo'limda raqib o'zgarishlar kiritgani tabiiy hol. Bu o'zgarishlardan so'ng pressing uchun to'g'ri poziciyalarni tanlashimiz qiyinlashdi va bu ularga darvozamizga tez-tez xavf solishga imkon berdi. Ikkinchi bo'limda yo'l qo'yilgan xatolar ustida ishlashimiz zarur, biroq g'alaba to'liq haqqoniy bo'ldi.

Birinchi bo'limda ko'plab qulay vaziyatlarga ega edik, bundan ham ko'proq gol urishimiz mumkin edi. Juda kuchli va muvozanatli jamoa ekanimizni isbotlashda davom etyapmiz. Buni ikki yildan buyon namoyish etib kelmoqdamiz va saviyani tushirmaslikka harakat qilyapmiz. Lekin mavsum yakunigacha hali uzoq vaqt bor. Agar shu tarzda davom etsak, ajoyib natijalarga erishamiz", – dedi Vitinya.

PSJ 6 ochko jamg'arib, Chempionlar Ligasi umumiy bosqichi turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. "Manchester Siti" esa 3 ochko bilan 17-o'rinda bormoqda.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: UEFA.com