Vest Xem jahon futboliga taqdim etgan yulduzlar

Narzulla Saydullayev
25 may 2019, 12:20
So'nggi yillarda sharqiy London klubini grand klublar qatoriga qo'shish uchun ko'plab say-harakatlar amalga oshirildi.

Transfer oynasida sarflanayotgan katta summalar evaziga olib kelingan futbolchilar esa bu maqsadga erishish uchun ojizlik qilmoqda yoki ishonchni oqlay olishmayapti. Shu o'rinda klub akademiyasi so'ngi paytlarda oqsayotgani sir emas. Zero, bir paytlar mazkur klub maktabi jahon futboli osmonini bir qancha yulduzlar bilan boyitgandi.

Vest Xem tarixi bilan qiziqqanlar uchun ushbu klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan yulduzlar haqida so'z yuritamiz.

Pol Ins (klubdagi faoliyati 1984-1989)

Klub akademiyasidan yetishib chiqqan Pol 1984-1989 yillar oralig'ida hammerlar sharafini himoya qilgan. Yarim himoyachi keyingi faoliyati davomida Mancheter Yunayted, Inter, Liverpul singari superklublar libosini kiyib, uzoq yillar o'zining nimalarga qodirligini isbotlagan.




Rio Ferdinand (1995-2000)

Rio klub bilan 1995 yil birinchi professional shartnomasini imzolagan. Vest Xem safida 127 o'yinda maydonga tushishga ulgurdi. O'z potencialini to'la namoyon etgan himoyachini Lids Yunayted 2000 yilda rekord 18 million funt evaziga o'z safiga qo'shib oldi. Ferdinand Lids tarkibida uzoq qolmadi. 2002 yilning yozida Ser Aleks Fergyusson Rioni o'z jamoasi safida ko'rishni xohladi. Jahonning eng yaxshi himoyachilaridan biriga aylangan futbolchi uchun 46 million evro to'landi. O'shanda Rio futbol tarixidagi eng qimmat himoyachiga aylangandi. Bunga qadar fransiyalik Lilian Tyuram 41,5 million evro bilan rekordchi hisoblanardi. Rio mankunianlar safida 2014 yilga qadar to'p tepdi. U har doim eng barqaror himoyachilardan biri bo'lib qoldi.





Frenk Lempard (1995-2001)


Tirik afsona. Frenk ham Rio Ferdinand bilan birga 1995 yil Vest Xemning asosiy jamoasi tarkibiga qo'shildi va 2001 yilga qadar to'p tepdi. 148ta uchrashuvda hammerlar sharafini himoya qilgach, 2001 yilda 11 million funt evaziga Londonning boshqa jamoasi Chelsiga ko'chib o'tdi. Lempardning aristokratlar tarkibida qanday mo'jizalar ko'rsatgani barchaga ma'lum. U Chelsi tarixidagi eng yaxshi to'purar hisoblanadi (211ta gol).





Jo Koul (1998-2003)

Jo bolg'aurarlar safida 126 bor maydonga tushdi va 2003 yilda Lempardning ortidan Stemford Bridj tomon otlandi. Vest Xem o'z tarbiyalanuvchisi tufayli 6,6 million funt ishlab topgandi.




Maykl Karrik (1998-2004)

Klub Mayklni 2004 yil 24 avgustida Tottenxemga sotgandi. Ushbu transfer ortidan 3,5 million funt-sterling ishlab topildi. Undan keyin Karrik uzoq yillar davomida MYU safida barqaror o'ynaganidan ko'pchilik xabardor.





Jermeyn Defo (1999-2004)

Vest Xem safida 93ta o'yinda 29ta gol urgan Jermeynga ham Tottenxem qiziqib qolgandi. Natijada klub 2004 yil qishida Defoni 6 million funt evaziga sotib yubordi.





Glen Jonson (2001-2003)

Ikki mavsum davomida Vest Xem tarkibida 15 bor maydonga tushgan umidli angliyalik qanot himoyachisini Roman Abramovich 6 million funt evaziga sotib olgandi. Angliya terma jamoasi futbolchisi 2009/2015 yillarda Liverpul safida ham harakat qildi.



Ko'rinib turibdiki, 90-yillar oxirida klub akademiyasi amalga oshirgan ishlar tahsinga sazovordir. Oxir yillarda bu borada pasayish yaqqol namoyon bo'ldi. Vest Xem superklubga aylanmoqchi bo'lsa, dastlab o'z akademiyasi a'zolariga e'tiborni kuchaytirsa maqsadga muvofiq bo'lsa kerak. Zero, katta millionlarga xarid qilingan yulduzlar jamoasidagi sardor Mark Nobl ham aynan klub tarbiyalanuvchisidir.

Fahriddin Ro'ziev

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia