Urganchda murabbiylar uchun o'quv kursi o'tkazilmoqda

Narzulla Saydullayev
15 dek 2015
Urganch shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasi(OFK) tasarrufida “S” sertifikati uchun xalqaro murabbiylar tayyorlash kursi tashkil qilinyapti.

Joriy yilning 10-23 fevral kunlari bo'lib o'tadigan mazkur kursda 24 nafar xorazmlik murabbiy  malakasini oshiryapti. Ular qatorida “Xorazm” jamoasining yetakchi futbolchilari G'ayrat O'daev, Jasur Otajonov, Ilyos Xayrov, Temur Bekchanovlarning borligi mazkur kursning ahamiyatini ko'rsatib turibdi. O'quv–mashg'ulot jarayonining nazariy qismi  Urganch shahridagi 5-son futbolga ixtisoslashgan maktab-internat bazasida tashkil etilyapti. Amaliy mashg'ulotlar esa sun'iy qoplamali maydonda olib borilayotir. Tinglovchilar OFK instruktori Zoyir Hasanov qo'l ostida har kuni  ikki martadan nazariy va amaliy mashg'ulotlarda saboq olishmoqda.

- Urganch davlat universiteti  jismoniy madaniyat fakultetining bakalavr va magistratura yo'nalishlarini tugatganman, - deydi urganchlik G'ayrat O'daev. – Hali katta futbol bilan xayrlashishni o'ylaganim yo'q. Shunday bo'lsada, fursatdan foydalanib  ushbu kursda o'qishni maqul ko'rdim. Binobarin, kelgusida murabbiylik qilishni ko'zlaganman. Buning barobarida, futboldagi faoliyatim mobaynida egallagan tajriba va ko'nikmalarimni yoshlarga o'rgatib, futbolimiz rivojiga ulush qo'shish  niyatim bor. Bevosita, kurs xususida to'xtalsam, nazariy va amaliy mashg'ulotlar yuqori saviyada, yangi texnologiyalar asosida olib borilmoqda. Shug'ullanishimiz uchun etarli imkoniyat va shart-sharoit yaratib berilgan. Bu murabbiylarga bilimlarini yanada yuksaltirishga xizmat qilyapti. Bundan juda xursandmiz.

O'z navbatida kursni tugatib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tgan murabbiylar  OFKning “S” xalqaro sertifikatiga, shuningdek O'FF tomonidan murabbiylar uchun belgilangan tegishli licenziyaga ega bo'lishadi.

Kezi kelganda ta'kidlab o'tish joizki, kurs ishini namunali o'tkazishda Xorazm viloyati futbol federatsiyasi, 5-son futbolga ixtisoslashgan maktab-internati rahbariyati amaliy yordam ko'rsatishayotir.

Ikrom XUDOYBERGANOV.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia