

Raqobatchi jamoalar to'qnashuvi
Turni boshlab bergan o'yinda, "Istanbul Bashakshehir" o'z muhlislari qarshisida "Rizespor"ni yirik hisobda taslim etdi va turnir jadvalida uni quvib etdi. Daniel Aleksich "dubl"ni rasmiylashtirgan bo'lsa, Gulbrandsen, Krivelli va Kaxvechilar bittadan gol urishdi. Shunday qilib, ketma-ket ikkita uchrashuvda 1:1 ko'rinishida durang qayd etgan jamoa 8-o'ringacha ko'tarilib oldi. "Qora dengiz chumchuqlari" esa, 12-qatorga sho'ng'idi.
Autsayder o'rtamiyonaga qarshi
"Qosimposho" mehmonda "Denizlispor" maydoniga safar qilib, g'alaba nashidasini surdi va shu tariqa, quyi pog'onalardan biroz uzoqlashib oldi. O'yin taqdirini hal qilgan yagona golga Xayradinovich mualliflik qilishdi. Dastlabki ikki turda g'alaba qozongan mezbonlar 9-o'ringa surilishdi va klubning omadsiz seriyasi to'rtta o'yinga etdi.
Yetakchilar bellashuvi
Joriy mavsumda yagona mag'lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan va musobaqa jadvali karvonboshisi bo'lib turgan "Alanyaspor" o'z uyida sovrinli o'rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan "Sivasspor"ni qabul qildi. Murosa ko'chasi tanlangan uchrashuvda Fernando dastlabki daqiqadayoq hisobni ochgan bo'lsa, uning goliga mezbonlardan Papiss Sisse chiroyli goli bilan munosib javob qaytardi.
Ashaddiy dushmanlar jangida durang
Hamisha, Turkiya futboliga befarq bo'lmagan millionlab futbol ixlosmandlarining katta qiziqishiga sabab bo'ladigan "Galatasaroy" va "Fenerbaxche" qarama-qarshiligida bu safar hisob ochilmay qoldi. O'yin davomida ikkala jamoada ham gol urish uchun bir qator vaziyatlar yuzaga keldi. Biroq, ulardan samara chiqarishda noaniq harakat qilishdi. Natijada, o'ziga yarasha shonli tarixga ega bo'lgan klublarning turnir jadvalidagi o'rinlari o'zgarmay qoldi.
O'rtamiyona va autsayder bahsi
Oldingi tur doirasida "Gyoztepe" maydonida minimal hisob bilan mag'lub bo'lgan "Konyaspor" bu safar o'z uyida o'tkazilgan olti o'yinda uchtadan durang va mag'lubiyatni qayd etib, hali g'alaba qozonmagan "Qaysarispor"ni mehmon qildi va ishonchli hisob bilan muvaffaqiyat qozondi. Levan Shengeliyaning avtogoli bilan o'yinda hisob ochilgan bo'lsa, keyinchalik birinchi bo'lim so'nggida Miloshevich muvozanatni tikladi. Marko Evtovich asosiy vaqtning qo'shib berilgan sakkizinchi daqiqasida belgilangan penaltini aniq amalga oshirdi va jamoasiga muhim g'alabani taqdim etdi.
So'nggi pog'ona xukmdori Anqarada mehmon
Musobaqa boshidan beri o'tkazilgan o'yinlarning ikkitasida sulhga rozi bo'lib, qolgan to'rttasida mag'lub bo'lgan va shuningdek, to'plar nisbatiga ko'ra 6-12 ko'rinishida minus ko'rsatkichni qayd etib turgan yaqqol autsayder “Genchlerbiriligi” bu safargi turda “Anqaragyujyu”ga qarshi bahs olib bordi. Birinchi bo'limda hisob ochilmadi. Uchrashuvning ikkinchi yarmida oldiniga, Kandeyash o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ydi va jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi. Biroz o'tib, Parlak farqni oshirdi. Oradan 7 daqiqa o'tar-o'tmas Chelikay ham avtogol muallifiga aylandi va mehmonlarning kuchi bundan ortig'iga yetmadi. Ushbu natijadan keyin, Anqaraliklar to'rt pog'ona yuqorilab 11-qatorga joylashdi. “Genchlerbirligi” esa, so'nggi o'ringa mustahkam o'rnashib oldi.
O'rtamiyonalar qarama-qarshiligi
Musobaqa jadvalida bir-biriga juda yaqin joylashgan jamoalar uchrashuvida “Yeni Malatyaspor” Antaliya shahriga safar qilib, “Antalyaspor”ga yirik hisobda yutqazib qo'ydi va raqibini oldinga o'tkazib yubordi. Hisobni ochuvchi golni Shaxeshux urgan bo'lsa, ikkinchi bo'limda Akol va Ozmertlar bittadan to'p kiritishdi va muhim uch ochkoni taminlashdi. Mehmon jamoa 13-o'ringa tushib ketgan bo'lsa, antaliyaliklar qo'lga kiritilgan g'alabadan keyin bir amallab kuchli o'ntalikka kirib olishdi.
Istanbulliklar Trabzonda sharmanda bo'lishdi
Joriy mavsum hech o'ziga o'xshamayotgan “Beshiktosh” yetakchilar qatorida joylashgan va so'nggi o'yinlarda muvaffaqiyatli odimlayotgan “Trabzonspor” mehmoni bo'lib, yana mag'lubiyatga uchradi. Dastlab, Tokozning avtogoli bilan o'yinda hisob ochildi. Birinchi bo'lim ohirida ko'plab kuchli klublarda tajriba orttirgan Xose Ernesto Sosa o'rtadagi farqni ikkitaga oshirdi. Uchrashuvning ikkinchi yarmida, Nvakaeme hisobni yirik ko'rinishga olib kelgan bo'lsa, mehmonlar tarkibida zahiradan maydonga tushirilgan Gyuven Yalchin o'zini ko'rsatdi. Biroq, o'yin so'nggida yana o'sha Nvakaeme katta sahnaga chiqdi va o'zining ikkinchi jamoasining esa to'rtinchi golini kiritdi. Ushbu natijadan keyin, “Beshiktosh” autsayderga aylandi. “Trabzonspor” esa, 4-o'ringa chiqib oldi.
Turkiya Superligasi. Musobaqa jadvali

Xondamir Hakimov tayyorladi



