Tolibjonov futboldan ma'lum muddatga chetlatildi

Narzulla Saydullayev
26 sen 2017, 17:43
Bugun, 26 sentyabr kuni O'FFda Hakamlar va nazoratchilar qo'mitasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.

Unda Oliy Liga 22-turi doirasidagi “Sho'rtan” (G'uzor) – “Navbahor” (Namangan) uchrashuvini boshqarib, yakunda ishi nazoratchi Alisher Abdullaev tomonidan qoniqarsiz (4,0) ballga baholangan Olim Tolibjonovning hakamligi yuzasidan yakuniy qaror qabul qilindi.  

Olim Tolibjonovning “Sho'rtan” – “Navbahor” (3:3) o'yinidagi hakamligi federatsiyaning hakamlar va nazoratchilar ilmiy-uslubiy taminoti bo'limi tomonidan ko'rib chiqildi. Bo'lim boshlig'i Arslon Xatamov bosh hakam Olim Tolibjonovning  ishini “qoniqarsiz” deb baholadi. Shu asosda, Hakamlar va nazoratchilar qo'mitasi “Hakamlarning tartib-intizom kodeksi”ga binoan Olim Tolibjonovni O'zbekiston Chempionati, Birinchiligi va O'zbekiston Kubogi o'yinlari doirasidagi 10 ta o'yinga chetlatdi. Bundan tashqari, uning xizmat haqi 75 foizga kamaytirildi.

Shu bilan bir vaqtda, “Sho'rtan” – “Navbahor” bellashuvidagi referi yordamchisi Aleksandr Burovning bahosini ko'tarib qo'yganligi uchun nazoratchi hakam Alisher Abdullaev qo'mita qaroriga ko'ra O'zbekiston Chempionati, Birinchiligi va O'zbekiston Kubogi uchrashuvlari doirasidagi 4 ta o'yindan chetlatildi. Abdullaevning xizmat haqi 75 foizga kamaytirildi.

Eslatib o'tamiz, Oliy Liga 21-turi doirasidagi “Buxoro” – “Dinamo” uchrashuvini boshqargan Rustam Bobomurodov qo'pol xatolarga yo'l qo'ygani tufayli umrbod hakamlikdan chetlatilgan edi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com