

Umumiy qilib aytganda katta futbol qaytmoqda. "Surxon" - "Olimpik", "Paxtakor" - "Dinamo", "So'g'diyona" - "Bunyodkor" uchrashuvlari bilan 14-tur bahslariga start beriladi. Mazkur o'yinlardan oldin mutaxassis sifatida Baxtiyor Ashurmatovning fikrlari bilan qiziqdik.
- Ikkinchi davra oldidan ko'p jamoalar tarkiblarini sezilarli darajada kuchaytirishdi. Bu omil uchrashuvlarning yanada qiziqarli o'tishini taminlaydi. Ko'ryapsiz uchrashuvlardan oldin taxmin qilish juda qiyin bo'lyapti. Avvalgi yillardan farqli ravishda chempionlik uchun 6ta jamoa kurashmoqda. Turnir jadvalining quyidagi jamoalar o'rtasidagi ochkolarda ham katta farq yo'q. Intriga oxirgi turga qadar saqlanib qoladi, degan fikrdaman.
- "Surxon" jangovor futbol ko'rsatishiga qaramasdan "Olimpik"ning imkoniyatlarini yuqori baholayman. Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa ajoyib va qiziqarli futbol ko'rsatmoqda. Bu o'yinda mehmonlarning g'alabasini taxmin qilaman.
- Ushbu uchrashuv qizqarli o'tadi, deb o'ylayman. Maksim Shackixning murabbiy sifatida birinchi o'yinini muxlislar intizorlik bilan kutishmoqda. Ularda "Dinamo"ga nisbatan tarkib kuchli. Shu bois "Paxtakor" 2ta to'p farqi bilan uch ochkoga ega chiqishi mumkin. Shackix qurayotgan "Paxtakor" qanday bo'lishi hammaga qiziq. Uning murabbiylikdagi salohiyati qanday ekanligini hali hech kim bilmaydi. Ishlash uslubi menga ham qiziq. Maksim murabbiy sifatida chempionatimizga qandaydir yangilik olib kiradi. Faoliyati davomida ko'plab kuchli murabbiylar bilan ishlagan. Jamoada yaxshi tarkib, infratuzilma yaxshi shakllangan. Shackixda o'zini ko'rsatishi uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Bu yo'lda omad tilayman.
- Bu bahsda "So'g'diyona" yutuqni tantana qiladi, deya olaman. Chunki Ulug'bek Baqoev juda jangovor jamoa tuzgan. To'g'ri uning yo'lga qo'ygan o'yinini tanqid qilayotganlar ham bor. Biroq autsayderlar qatoridan sovrinli o'rinlar uchun kurashadigan jamoa tuza oldi. Bu yerda murabbiyning katta mehnati bor. Natijalaridan kelajagi porloq ekanligini sezish qiyin emas.
- Vodiy derbisi doim murosasiz kechgan. "Qo'qon -1912" tarkibini saqlab qoldi. "Neftchi"da o'zgarishlar talaygina. Yangi murabbiyga jamoaga moslashishim, qarashlarini singdirish uchun vaqt kerak. Menimcha, kichik ustunlik qo'qonliklar tomonida.
- "Nasaf" - "Navbahor" shubhasiz turning markaziy bahsi hisoblanadi. Chempionlik uchun asosiy davogarlar o'rtasidagi o'yin. Nima bo'lganda ham muxlislar zerikib qolmaydi. Taxmin durang natija qayd etilsa kerak.
- Bu bellashuvda AGMK favorit. Olmaliq shahri jamoasi nisbatan kuchliroq.
- "Qizilqum" har yilgiga qaraganda yaxshiroq natija ko'rsatmoqda. Mazkur to'qnashuvda tomonlar murosa ko'chasini tanlashi ehtimoli katta.
- Chempionlik uchun kurashda "Nasaf" va "Navbahor" jamoalari qatoriga "Paxtakor" va "So'g'diyona"ni qo'shgan bo'lardim. Hech qaysi jamoa muxlislarini hafa qilmagan holda, Samvel Babayan shogirdlari chempionlikni nishonlaydi, deb o'ylayman. Klub rahbariyati buning uchun barcha sharoitlarni yaratib beryapti. Jamoaning ashaddiy va betakror muxlislarining ham umidi katta.
Abdulaziz Iskandarov tayyorladi



