

O'yindan keyin "TerDU" sport direktori Sanjar Shomurodov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo "BuxDU" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Menimcha, biz mag'lubiyatga loyiq emasdik. Harakat qildik, lekin to'p darvoza to'riga kirmadi. Endi tanaffusga chiqamiz va tarkibni boshqattan ko'rib chiqamiz. Futbol shunaqa - kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Futbolchilarimizga o'yin uchun rahmat aytaman, xatolarni o'rganib chiqamiz. Har uchrashuvda vaziyatlar yaratyapmiz, lekin gol bo'lmayapti. Negadir ishimiz o'xshamayapti. Kamchiliklar bor, oraliq tanaffusda shular ustida ishlaymiz. Jamoani kuchaytirish niyatidamiz. Ikkinchi davraga boshqa "TerDU" bo'lib qaytamiz.
- Negadir jamoangiz hujumlarni oxiriga etkaza olmayapti. Bu nima bilan bog'liq?
- Proligada qatnashishimiz fevral oyida aniq bo'ldi. Juda qisqa muddat yig'in o'tkazdik, bor mahalliy o'yinchilarni ro'yxatdan o'tkazdik. Biz Proliga darajasiga endi chiqib boryapmiz. Hujumchilarimiz ham tajribasizlik qilyapti. Chempionat boshidan beri hamma o'yinda vaziyat yaratyapmiz, lekin gol urishga kelganda omad kelmayapti. Kamchiliklar ustida ish olib boramiz.
- "Eshko" laqabli Aziz Eshqobilov haqida fikringiz?
- U eng yaxshi futbolchilarimizdan biri bo'ldi. Ko'p vaziyatlar yaratishda o'z hissasini qo'shdi. Baribir bir kishining harakati kam bo'ladi. Aziz - kelajagi bor bola, o'z ustida ishlashni davom ettirishi kerak. Ko'p futbolchilarimiz Proligada bu yil o'ynayapti, asosan ikkinchi-birinchi ligada o'ynab yurgan futbolchilar.
- Jamoangiz ikkita golni ham to'p boy berilgach o'tkazdi. Jismoniy holatdan muammolar bormi?
- O'yinlar oralig'i juda qisqa. Boya aytganimdek, yig'in o'tkazish uchun faqat bir oy vaqtimiz bo'ldi. Bu bilan jamoa jismoniy holatini o'zimiz o'ylagan darajaga chiqara olmadik. Endi oraliq tanaffusda shuning ustida ishlaymiz.
- "TerDU" o'z oldiga qanday maqsad qo'ygan?
- Surxondaryoda futbolchi ko'p. Maqsadimiz viloyatimiz bosh jamoasi "Surxon"ga o'yinchi etkazib berish. Lekin hamma ham "Surxon"ga o'ta olmaydi. Ko'rikdan qolib ketgan futbolchilarni yig'ib ular bilan ishlab kelyapmiz.



