

Fransiya terma jamoasi bilan jahon chempioni bo'lgan himoyachi Samyuel Umtiti agar 10 sentyabrgacha yangi klub topa olmasa, futbolchilik faoliyatini yakunlash niyatida. Bu haqda francuz nashri L'Equipe xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, 31 yoshli futbolchi Fransiya, Italiya, AQSH va Yaqin Sharq mamlakatlaridan takliflar olgan, ammo ular sport nuqtayi nazaridan uni qoniqtirmagan. Umtiti faqat bir necha oylik shartnoma uchun jamoaga qo'shilishni istamaydi - u haqiqiy o'yin amaliyotiga ega bo'ladigan loyihani izlamoqda.
Futbolchi iyul oyidan beri klubsiz qolgan, chunki u "Lill" jamoasini tark etgan. 2024 yilning yanvaridan beri u tizzasidagi jarrohlik amaliyoti sabab maydonga tushmagan, ammo hozirda to'liq tiklangani aytilmoqda.
Umtiti Fransiya terma jamoasi safida 31 o'yin o'tkazgan va 4 ta gol urgan. U 2018 yilda milliy jamoa bilan Jahon chempioni bo'lgan. Shuningdek, u “Barselona” tarkibida ikki marta Ispaniya chempioni, uch marta Qirol kubogi va ikki marta Superkubok sohibi bo'lgan. Ilgariroq "Lion" va "Lechche" jamoalarida ham to'p surgan.


