

Charxin qo'rg'onidagi Dinamo futbol maktabiga tegishli maydonda o'tgan nazorat bahsida Dinamo jamoasi yirik 3:0 hisobida g'alabaga erishdi. Shu kuni Dinamo safida murabbiylar bir qator futbolchilarni sinovdan o'tkazishdi.
O'yinni hujumkor boshlagan Dinamo 12-daqiqada hisobni ochdi. Ilhom Yunusov tomonidan etkazib berilgan chiroyli pasni Amirjon Safarov kuchli zarbasi bilan golga aylantirdi, 1:0.
25-daqiqada esa Jasur Azimov boshlagan hujumdan keyin Jasur Qurbonov jarima maydonida raqib darvozaboni yakkama-yakka holatga chiqib borayotganida Sherdor himoyachisi Saddam Boymatov tomonidan to'xtatib qolindi. Belgilangan 11 metrlik jarima to'pini Komil Sharofutdinov bexato amalga oshirdi, 2:0.
35-daqiqada esa burchakdan etkazib berilgan to'pni Jasur Qurbonov bosh bilan Sherdor darvozasiga kiritib, hisobni 3:0 ga etkazdi.
Ikkinchi bo'limda ham jamoalar ancha hujumkor o'yin namoyish etishdi. 55-daqiqada Hakimxon Alamxonov jarima maydonida Sherdor hujumchisi Muhammad Rajabovga nisbatan o'yin qoidasini buzgani uchun penalti belgilandi. Zarbani jabrlanuvchining o'zi bergan bo'lsada, Dinamo posboni Rustam Toshturdiev ajoyib seyvi evaziga 11 metrlik zarbani qaytarib qoldi.
Shuningdek, Sherdor safidagi Islom Sharipov, Abdullo Nabievlarda ham hisobni qisqartirish uchun imkoniyatlar bo'lgandi, ammo o'yindagi hisob o'zgarmadi.
Qayd etish joiz, o'z oldiga 2018 yilda Pro-Ligada ishtirok etishni maqsad qilgan Sherdor klubi o'tgan haftada Samarqandda Jizzaxning So'g'diyona klubiga qarshi o'rtoqlik o'yinida maydonga tushib, 2:2 hisobini qayd etgandi.
Dinamoning Samarqanddagi o'quv-mashg'ulot yig'ini davom etmoqda.

17 yanvar (chorshanba)
Samarqand. Dinamo FM stadioni.
DINAMO - SHERDOR - 3:0 (3:0)
Bosh hakam: Sherzod Qamarov (Samarqand)
Gollar: Amirjon Safarov 12, Komil Sharofutdinov 25, Jasur Qurbonov 36.
Dinamo: Rustam Toshturdiev, Bunyod Isroilov, Hakimxon Alamxonov, Mirkomil Lokaev, Temur Fayzullaev, Akmal Bozorov, Ilhom Yunusov, Jasur Azimov, Komil Sharofutdinov, Jasur Qurbonov, Amirjon Safarov.
Ikkinchi bo'limda zaxiradan maydonga tushganlar: Shamsiddin Sadullaev, Jasur Ashurov, Shahzod Saidov, Asad Tolipov, Mehroj Xudoyberdiev, Orzumurod Ahmedov, Damir Temurov, Asomiddin Mamatov, Ramish Bobomirzaev.
Sherdor: Shuhrat Muxtorov, Saddam Boymatov, Sherbek Shukurov, Akbar Siddiqov, Otabek Xamroqulov, Farhod Safarov, Mirjalol Lokaev, Farzin Muxtorov, Nurbek Olmosov, Islom Sharipov, Muhammad Rajabov.
Amalga oshirilmagan penalti: Muhammad Rajabov (Sherdor), 55.



