Saidazamat Mirsaidov: "Paxtakor"ga qarshi kechadigan mavsumning so'nggi bahsini ijobiy tarzda yakunlashga harakat qilamiz"

Sherzod Nurmatov
27 noya 2025, 11:25
O'zbekiston Superligasining so'nggi, 30-turidan o'rin olgan "Navbahor" – "Paxtakor" uchrashuvi arafasida "lochinlar"ning 24 yoshli mahoratli himoyachisi Saidazamat Mirsaidov bo'lajak o'yin haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Jamoamiz joriy mavsumning oxirgi bahsini "Paxtakor"ga qarshi o'tkazadi. Mazkur klublar principial raqib bo'lgani bois turnir jadvalida qaysi o'rinda bo'lishidan qati nazar o'yinlar doimo shiddatli va keskin kurashlar ostida kechgan hamda bu safargi bahs ham bundan mustasno bo'lmaydi, albatta. 

Bundan tashqari, toshkentliklarda kumush medalni qo'lga kiritish imkoniyati saqlanib qolgani uchun ham bo'lajak uchrashuvning tomoshabop kechishi ehtimoli yuqori. 

Biz ham mazkur o'yinda maydonga o'zgacha ruh va ishtiyoqda tushib, g'alaba qozonib, muxlislarga quvonch ulashish, joriy mavsumning so'nggi bahsini ijobiy tarzda yakunlashga harakat qilamiz hamda buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz. 

Ishqibozlardan esa jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo'llab-quvvatlab, g'alabamizga madadkor bo'lishlarini so'rab qolaman. 

Fursatdan foydalanib, joriy mavsumda jamoamizga barcha sharoitlarni yaratib bergan Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov va "Navbahor" klubi rahbariyatiga futbolchilar nomidan minnatdorligimni bildiraman", – dedi Mirsaidov.

Eslatib o'tamiz, "Navbahor" – "Paxtakor" bellashuvi 29 noyabr kuni 15:00 da boshlanadi. 

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Навбаҳор" матбуот хизмати