

Ushbu turning eng muhim uchrashuvlari haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz.
"Anji" - SSKA 0:2
Turning ilk o'yini Maxachkalada o'tkazildi. Xabib Nurmagomedov boshlab bergan uchrashuvda "Anji" SSKAni qabul qildi. Moskvadan tashrif buyurgan klub moliyaviy qiyinchiliklar girdobida qolgan maxachkaliklarni ishonchli o'yini bilan mag'lub etdi. Mezbonlar sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Doston Hamdamov ushbu bahsda ishtirok etmadi.
"Lokomotiv" - "Rostov" 2:1
Rossiya chempionatining amaldagi chempioni "Lokomotiv" 11-turda "Rostov"ni qabul qildi. Bahs kutilganidek moskvaliklar ustunligi ostida o'tdi. "Temiryo'lchilar" Miranchuk va Kvirkveliyaning gollari evaziga g'alaba qozondi. Mehmonlar safidan Ingason bitta gol bilan javob bera oldi. O'zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov 61-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi.
"Ural" - "Krilya Sovetov" 1:1
"Ural"ga qarshi RPLning 11-tur o'yini "Krilya Sovetov" sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Vitaliy Denisov uchun esda qolarli bahs bo'ldi. Himoyachi 34-daqiqada qoidani buzgani uchun sariq kartochka bilan jazolandi. Denisov 55-daqiqada ikkinchi sariq kartochkani olib, o'yinni muddatidan avval yakunladi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
"Dinamo" - "Zenit" 1:0
RPLning 11-turidan o'rin olgan eng qiziq bahslari yakshanba kuni bo'lib o'tdi. "Zenit" Moskvada "Dinamo" mehmoni bo'ldi. Chempionlik uchun kurashayotgan piterliklar bu turda ochkosiz qolishdi. 75-daqiqada mezbonlar vakili Fyodor Chyornixning goli "Dinamo" g'alaba qozonishini taminladi.

"Spartak" - "Arsenal" 2:3
Massimo Karrera qo'l ostidagi moskvaliklarning omadsizliklari bu turda ham davom etdi. Jamoa o'z maydonida "Arsenal"ni qabul qildi va 2:3 hisobida mag'lubiyatga uchradi. Ze Luishning dubli qizil-oqlarning bir ochko olishiga ham yetmadi. Tuladan tashrif buyurgan jamoa moskvaliklar darvozasini 3 marta ishg'ol qildi va uyga ajoyib kayfiyatda qaytib ketdi. Ushbu muvaffaqiyatsizlikdan so'ng "Spartak" ustozi Massimo Karrera iste'foga chiqarildi.

"Krasnodar" - "Axmat" 0:1
11-turning so'nggi uchrashuvida ham sensaciya qayd etildi. "Buqalar" o'z uyida Grozniy klubiga imkoniyatni boy berdi. Mehmonlar futbolchisi Ismaelning 60-daqiqada urgan goli uchrashuv taqdirini hal qildi. Mezbonlarning tinimsiz hujumlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
11-tur natijalari

Turnir jadvali

To'purarlar jadvali




