"Qur'a hali tashlanmagani sabab reja tuza olmayapmiz, Jaloliddinovning hali ko'p foydasi tegadi" - Timur Kapadze kechagi uchrashuvdan yana nimalar dedi?

Iskandarov Abdulaziz
3 fev 2023, 10:00
Turkiyada yig'in o'tkazayotgan "Olimpik" jamoasi kecha ikkinchi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.

Bosniya va Gercogovinaning "Veles Mostar" klubiga qarshi kechgan o'yinda Timur Kapadze shogirdlari 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Uchrashuvdan so'ng "Olimpik" bosh murabbiyi Timur Kapadze fikrlari bilan o'rtoqlashdi. 

Nazorat uchrashuvi. "Olimpik" Bosniya va Gertsegovina klubini mag'lub etdi


Yig'in reja bo'yicha ketmoqda. Bunday pallada futbolchilarga ko'proq yuklama beryapmiz. Tarkibdagi barcha futbolchilarga imkoniyat beryapman. Yuklamada o'ynash kerak, deb o'ylayman. Keyinchalik osonroq bo'ladi. Xursand qiladigan jihat jarohatlar yo'q. Oldinda yana tayyorgarlik uchun vaqt bor",- deydi Timur Kapadze. 

- Jasur Jaloliddinovda hamon qiziqqonlik saqlanib qolingandek ko'rinyapti. Rasmiy o'yinlarda meyoridan ortib ketishi pand berib qo'ymaydimi?

- Jasur yosh bola emas, aqli bor. Qiziqqonlik, tortishish normasidan o'tib ketmasa bo'ldi. U taraflama ko'rsatma beramiz. U yig'inlarda yaxshi harakat qilyapti. Har bir mashg'ulot, o'yinda o'zini ko'rsatyapti. Jismoniy taraflama yana qo'shdi. O'ylaymanki, hali ko'p foydasi tegadi. 

- Chempionat boshlanishiga 1 oy vaqt qoldi. Hali qur'a tashlangani yo'q. Bu tayyorgarlik jarayoniga ta’sir qilmayaptimi?

- Albatta, noqulaylik tug'diradi. Birinchidan raqiblarimizni bilmayapmiz. Bu ham rol o'ynaydi. 17 fevral kuni qaytamiz, qur'a natijasiga qarab keyinroq o'ynaydigan raqibimiz bilan Toshkentda yana bir o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazamiz. Reja tuza olmayapmiz. Qur'ani kutyapmiz. 

- Tarkibda yangi nomlar haqida...

- Mazkur yig'in yangi futbolchilarga o'zini ko'rsatishi uchun imkoniyat. O'zlarini munosib ko'rsatishsa, mehnat qilishsa jamoada olib qolinishi mumkin. Raqobat bor. Tarkibda hech kimga joy kafolatlanmagan. 


Abdulaziz Iskandarov (Antaliya, Turkiya)

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia