"Qizilqum": Dastlabki yig'in Navoiyda o'tkazilmoqda

Narzulla Saydullayev
21 dek 2013, 19:43
O'zbekiston XXII milliy chempionati oliy ligasida o'z mavqeini saqlab qolgan Navoiyning “Qizilqum” jamoasi yangi mavsumda o'z oldiga jiddiy maqsadlarni qo'ymoqda.
Qishki tatilni yakunlagan konchilar 20 dekabrdan mashg'ulotlarga kirishdi. Jamoa a'zolari Yuriy Lukin bosh murabbiyligida ilk yig'inni 30 dekabrga qadar o'z qarorgohlarida tashkil etishni rejalashtirishgan.
 
Ayni paytda Navoiydagi “So'g'diyona” stadionida uyushtirilayotgan mashg'ulotlarda yigirma besh nafar futbolchi ishtirok etyapti. Unda asosan o'yinchilarning jismoniy tiklanishiga e'tibor qaratilmoqda.
 
Tarkibda o'zgarishlar xususida shuni aytish mumkinki, o'tgan mavsumning ikkinchi yarmida “Olmaliq”, “So'g'diyona”, “Nasaf” futbol klublaridan taklif qilingan va ijara asosida to'p surgan barcha futbolchilar o'z jamoalari ixtiyoriga qaytib ketishgan.
 
“Qizilqum” futbol klubi bosh direktori Hamid Aktamovning bildirishicha, yangi mavsumda navoiyliklarning munosib ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Jumladan, hozirda bir qator tajribali va yetakchi futbolchilar bilan muzokaralar olib borilyapti. Ularning nomi klub bilan rasman shartnoma tuzilgach, ma'lum qilinadi. Ammo, shuni takidlash mumkinki, mo'ljaldagi futbolchilar o'tgan mavsumda “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Neftchi”, “Nasaf”, “Metallurg” jamoalarida to'p tepgan. Bundan tashqari, mamlakatimiz muxlislariga yaxshi tanish bo'lgan va Navoiy futboli maktabi tarbiyalanuvchisi, hujumchi Vladimir Shishelovning ham “Qizilqum” tarkibiga qo'shilishi kutilmoqda.
 
Ayni chog'da mashg'ulotlarda ishtirok etayotgan futbolchilarni asosan mahalliy o'yinchilar tashkil etadi. Yangilarning esa Yangi yil bayramidan so'ng, aniqrog'i, 5 yanvardan Navoiy shahrida davom ettiriladigan navbatdagi bosqich o'quv-mashg'ulot yig'iniga kelib qo'shilishi kutilmoqda.
 
Yana shuni eslatib o'tish kerakki, viloyat hokimligi va klub bosh muassisi - NKMK tomonidan “Qizilqum” jamoasi uchun yil yakuni hamda Yangi yil sharafiga bayram dasturxoni uyushtirishni mo'ljallagan. Tantanali tadbir 22 dekabr kuni Navoiy shahrida o'tkaziladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz