Pro-liganing debyutanti Nurafshon haqida nimalar bilamiz?

Narzulla Saydullayev
3 apr 2018, 09:50
Pro-liga starti arafasida kutilmaganda Toshkent viloyatining Nurafshon jamoasi musobaqada ishtirok etadigan bo'ldi.

Bungacha muxlislar Nurafshon deganda asosan Buxoro viloyati jamoasini eslardi. Ammo 2018 yildan endi Pro-ligada Toshkent viloyatining Nurafshon jamoasi ishtirok etadigan bo'ldi. Oldingi yillari ushbu jamoaning nomi Axmad Yassaviy deya yuritilgan. Xo'sh, u qanday jamoa? Olingan ma'lumotlarga ko'ra, ushbu jamoaga Vohid Xolboev ustozlik qilmoqda. Bungacha Oq-Tepa, Lokomotiv-BFK, Obod kabi jamoalarida bosh murabbiy va yordamchi sifatida ishlagan mutaxassis endilikda Pro-liga debyutantini boshqaradigan bo'ldi. Unga sobiq futbolchi Asqar Jadigerov yaqindan yordam bermoqda. Andijonlik muxlislarning qalbidan joy olgan Jadigerov butsalarini mixga ilgach, asta-sekin murabbiylik sohasidagi ilk qadamlarini tashlamoqda.

Xolboev - Jadigerov tandemi chempionat starti arafasida zudlik bilan selekciya ishlarini olib borib, tarkibni shakllantirishga xarakat qilishdi.

Shuni ham qayd etish kerakki, Asqar Jadigerovda murabbiylik licenziyasi bilan bog'liq muammo yuzaga kelgani sababli, jamoa uni futbolchi sifatida zayavka qilgan. Nurafshon O'zbekiston Kubogining o'tish bosqichida o'z uyida Iftixorga imkoniyatni boy bergan bo'lsada, birinchi taymda raqibga etarlicha tashvish tug'dira olganini aytish mumkin.

Nurafshon tarkibiga nazar tashlaydigan bo'lsak, o'z vaqtida Superliga va Pro-liga jamoalarida o'ynagan futbolchilarni uchratish mumkin. Xususan, Ravshan Yagudin, Elbek Ravshanov, Dilmurod Qodirov, Sardor Rasulov, Orifxo'ja Abduxoliqov, Farrux Shotursunov, Murod Rajabov, Ruslan Vagapov, Murod To'ychiboev hamda Doston Abdurahmonov joriy Nurafshon jamoasining ro'yxatidan o'tkazilgan.

Taqvimga ko'ra, Toshkent viloyati jamoasi chempionatdagi dastlabki uchrashuvini ham Yoshlar ittifoqining Iftixor jamoasiga qarshi o'tkazadi.
Mazkur uchrashuv 6 aprel kuni Do'stlik stadionida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia