"Paxtakor farm" bosh murabbiyi Bobur Abdurahmonov: "Yoshlarni katta jamoaga tayyorlab bersak ishimizni bajargan bo'lamiz"

11 apr 2026, 20:19
Proliga 2-turidan o'rin olgan "Lochin" – "Paxtakor farm" (1:1) uchrashuvidan keyin "Paxtakor farm" jamoasi bosh murabbiyi Bobur Abdurahmonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bugun jangovor o'yin ko'rdik. Har ikki jamoada xohish kuchli edi. Ikkala jamoa ham g'alabaga loyiq o'yin ko'rsatdi, lekin durang qayd etildi.

- Hakam "Lochin" futbolchisiga ko'rsatgan qizil kartochka borasida fikringiz?

- Bilmadim, buni hakamlar hal qiladi. Men faqat futbolchining qo'li to'pga tekkanini ko'rdim.

- Durang jamoangizni qoniqtirdimi?

- Yo'q, biz bu erga g'alaba uchun kelgandik. Qizil kartochkadan keyin bir kishi ko'p harakat qildik, ko'proq oldinga o'tishimiz kerak edi.

- Bugun hujumkor futbolni maqsad qilganmidingiz yoki qarshi hujumlarda o'ynashnimi?

- Tarkibimizda yoshlar ko'p. Asosan 2008-2009 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat. Men bu yoshdagi bolalarga durang uchun o'ynaymiz demayman. Shogirdlarimni faqat g'alaba uchun ruhlantirishga harakat qilaman. Himoyani to'g'ri ushlagan holda hujum uyushtirishni maqsad qilgandik. Ikkinchi bo'limda sxemani o'zgartirib to'liq hujumkor o'yinga o'tdik.

- Proligada qatnashishdan maqsad natija ko'rsatishmi yoki shu orqali yoshlarni katta klublarga tavsiya qilishmi?

- Biz uchun natija muhimmas, biz "Paxtakor" asosiy jamoasi uchun futbolchi yetishtirib berishni maqsad qilganmiz. Lekin baribir futbolchilarga natija uchun maydonga chiqmaymiz demaymiz. Ularga to'g'ri futbol o'ynash kerakligini uqtiramiz. Yoshlarni katta jamoaga tayyorlab bersak ishimizni bajargan bo'lamiz.

- Agar natijalar salbiy bo'lsa, bunga klub rahbariyatining munosabati qanday bo'ladi? Etiroz bildiriladimi?

- O'tgan tur yaxshi o'yin ko'rsatib mag'lub bo'ldik. Bugun durang qayd etdik. Klubimiz rahbariyati bizga gapirgani yo'q. Sekin-asta yoshlarning tajribasi ortib boradi. Rahbarlarimiz bilan munosabatimiz yaxshi, rahbariyat biz murabbiylarga yoshlarni yaxshi o'yin ko'rsatishga o'rgatinglar deydi. Bu futbolchilar ikki yil oldin U-19da o'ynardi, o'tgan mavsum Birinchi ligada qatnashdik. Bu yil esa o'z kuchimizni Proligada sinab ko'ryapmiz. Rahbariyat jamoamizga ishonch bildirib Proligaga qo'ydi.

- Jamoangizda eng kuchli va kuchaytirilishi kerak bo'lgan chiziq qaysi?

- Uch-to'rt  nafar futbolchimizda jarohat bor. Ular maydonga qaytgach chiziqlarimiz yanayam kuchli bo'ladi. Hozir ham o'ynatsak bo'ladi, lekin futbolchi sog'lig'i muhim bo'lgani uchun asrab turibmiz.

- Safar o'yinlariga borish, mashg'ulot o'tkazish - umuman moddiy jihatlar bo'yicha muammo yo'qmi?

- Yo'q, bu borada muammo yo'q. Hammasi yaxshi. Klubimiz rahbariyati tomonidan barcha sharoit qilib berilgan.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia