

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi mazkur konferenciya yakunida topshiriladigan Yilning eng yaxshi futbol ligasi mukofoti uchun nomzod mamlakatlar nomini e'lon qildi. Yilning eng yaxshi futbol ligasi 2 ta yo'nalish bo'yicha tanlab olinadi. Osiyoning eng yaxshi ilhombaxsh ligasi uchun 10 ta nomzod mamlakat ichidan O'zbekiston Professional Futbol Ligasi ham o'rin oldi. Qitamizning eng yaxshi ilhombaxsh ligasi nomi uchun Avstraliya, Xitoy, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Tailand, BAA hamda O'zbekiston ligalari da'vogarlik qilmoqda.
Shuningdek, Osiyoning eng yaxshi rivojlanayotgan ligasi nomi uchun ham 10 ta nomzod mamlakat e'lon qilindi. Butan, Guam, Hindiston, Indoneziya, Iordaniya, Qirg'iziston, Filippin, Singapur, Tojikiston hamda Vetnam rivojlanayotgan liga nomi uchun da'vogarlik qilishadi.
Qayd etish joizki, ushbu 2 ta yo'nalish bo'yicha eng yaxshi liga maqomi uchun nomzodlar OFK tomonidan ligada tashkiliy va boshqaruvni to'g'ri yo'lga qo'yish, chempionatni yaxshi saviyada o'tkazish borasida qitada boshqa ligalardan ko'ra yaxshiroq natija qayd etayotgan mamlakatlar ichidan tanlab olindi.
Nomzodlar tanlanishida asosan menejment, marketing, moliya, o'yinlar tashkiliy tomonlari hamda ularning OAV tomonidan keng ko'lamda yoritilishi borasida o'sishga erishayotgan tashkilotlar yutuqlari inobatga olindi.
Osiyoning eng yaxshi ilhombaxsh ligasi hamda Osiyoning eng yaxshi rivojlanayotgan ligasi yo'nalishlari bo'yicha g'oliblarga mukofot 19-20 noyabr kuni Tailandning Bangkok shahrida bo'lib o'tadigan Osiyo sport sanoati konferenciyasi paytida topshiriladi.



