O'zbekiston U-17 terma jamoasi ustozi Islom Ismoilov Paragvay, Panama va Irlandiyaning kuchli jihatlari haqida aytdi

Sherzod Nurmatov
26 may 2025, 11:34
U-17 Jahon chempionati qur'asi natijalariga ko'ra O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Paragvay, Panama va Irlandiya bilan bir guruhdan joy oldi.

Qur'a marosimidan so'ng jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilov musobaqa va raqiblar haqida fikrlarini bildirib o'tdi.

"Har uchala raqib ham o'z mintaqasining kuchli vakillari sanaladi va bu turnirga munosib tarzda yo'l olishgan. Shu bois har bir o'yinga alohida va puxta tayyorgarlik ko'ramiz. 

Paragvay - Janubiy Amerikaning jismoniy kuch, intizom va texnika uyg'unligi bilan ajralib turadigan jamoasi. Ular hech qachon kurashdan chekinmaydi. Panama esa KONKAKAF mintaqasida yildan-yilga o'sib kelayotgan futbol maktabiga ega. Ularning o'yin uslubi tezlik, qarshi hujum va yuqori pressingga asoslangan. Irlandiya klassik Yevropa futboli vakili bo'lib, kuchli shakllangan o'yin va intizomi bilan ajralib turadi. 

Shubhasiz, guruhdagi barcha jamoalar kuchli. Bu bosqichda oson raqib yo'q. Ammo biz ham Osiyo chempionlari sifatida ushbu musobaqada shunchaki ishtirok uchun emas, balki istalgan jamoaga qarshi raqobat ko'rsatish, o'z salohiyatimizni namoyon etish va yurtimiz nomini munosib himoya qilish uchun harakat qilamiz.

Jamoamizda ishonch bor, so'nggi yillarda katta tajriba orttirgan, bir qator og'ir bahslardan o'tgan va endi har bir o'yinga chuqur tahlil, aniq reja hamda yuksak ruhiy tayyorgarlik bilan chiqadi. Bor e'tiborimizni raqiblarni chuqur o'rganishga, iqlim va muhitga moslashishga, shuningdek, futbolchilarimizni ruhiy va taktik jihatdan eng yuqori darajada tayyorlashga qaratamiz. Yurtimiz bayrog'ini jahon miqyosida yuqori ko'tarish va futbol muxlislariga quvonch ulashish biz uchun sharafdir", – deya ta'kidladi Islom Ismoilov.

Avvalroq O'zbekiston U-17 Jahon chempionati "J" guruhidan joy olgani ma'lum bo'lgandi. Bugun ma'lum qilinishicha, o'zbekistonlik o'smirlar iyun oyida Janubiy Amerikada yig'in o'tkazadi va u yerda Chili va Boliviya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. 

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати