O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasi Toshkentdagi yig'inini davom ettirmoqda

Narzulla Saydullayev
25 iyul 2013, 18:11
Dilshod Nuraliev boshchiligidagi O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasi 22 iyul kuni Toshkent shahrida o'zining navbatdagi o'quv-mashg'ulot yig'inini boshladi.
Yig'in davomida 24 iyul kuni Nuraliev shogirdlari Toshentning Paxtakor klubi yoshlariga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushdilar. Qiziqarli kechgan bahsda Paxtakor yosholari 2:1 hisobida g'alaba qozonishdi. Dastlab, uchrashuvning 60-daqiqasida O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi himoyachisi Jamshid Boltaboev hisobni ochgan bo'lsa-da, Nuraliev shogirdlari yakunda hisobni ushlab qola olishmadi.

O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev mazkur o'yinda shogirdlarining o'yinidan ko'ngli to'lganini ta'kidlab o'tdi. O'yin ancha tezkor ruhda o'tdi va shogirdlarim bugun yomon harakat qilishmadi. Biz o'yinda g'alaba qozonishimiz ham mumkin edi, ammo darvozabonning ikki qo'pol xatosi evaziga mag'lubiyatga uchradik. Umuman olganda, bu kabi o'yinlarning natijasi muhim emas. Asosiysi - futbolchilarning jismoniy holatini ko'zdan kechirish va ularning jismoniy holatini tiklash, - deydi Nuraliev.

Shuningdek, o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi har bir yig'in davomida bir necha nafar yangi futbolchilar ko'rikdan o'tayotganini qo'shimcha qildi. Ushbu yig'inimizga Bunyodkor safida ikki yangi futbolchini taklif qildik. Sababi, ular Birinchilik bahslaridagi o'yinlari bilan murabbiylar shtabimizda yaxshi taassurot qoldirishdi. Shuningdek, yig'inimizda yangi darvozabon ko'rikdan o'tmoqda. Aytish mumkinki, terma jamoamizda selekciya ishlari yaxshi yo'lga qo'yilgan, - deydi Nuraliev.

Takidlash joiz, O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasining Toshkent shahridagi yig'ini 28 iyul kuniga qadar davom etadi va bungacha Nuraliev shogirdlari yana ikkita nazorat uchrashuvida maydonga tushadi. 26 iyul kuni O'zbekiston o'smirlari Bunyodkor klubi yoshlariga qarshi maydonga tushishsa, 28 iyul kuni Nuraliev shogirdlariga Toshkentning boshqa bir jamoasi - Lokomotivning yoshlar jamoasi raqiblik qiladi. Ikkala o'yin Toshkentdagi JAR stadionida bo'lib o'tadi. Bunyodkorga qarshi uchrashuv soat 17:00da boshlansa, Lokomotiv klubi yoshlariga qarshi o'yinning boshlanish vaqti soat 10:00ga belgilangan.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasi shu yilning 17 oktyabr - 8 noyabr kunlari BAA mamlakatida bo'lib o'tadigan o'smirlar o'rtasidagi (U-17) jahon chempionati bahslarida ishtirok etadi. Mazkur turnirning final bosqichiga qur'a tashlash marosimi 26 avgust kuni bo'lib o'tadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com