O'zbekiston Kubogi saralashida 16 jamoa qatnashadi: ularning orasida havaskor jamoa ham bor

Sherzod Nurmatov
9 mar 2026
8 may kuni O'zbekiston Kubogining guruh bosqichi start olishi rejalashtirilgan.

Milliy jamoa 5 may sanasidan e'tibor yig'inga kirishishidan kelib chiqib, musobaqaning guruh bosqichida termaga jalb etilgan futbolchilar ishtirok etmaydi. O'z navbatida, Liga guruh bosqichiga qur'a tashlashda ishtirokchi klublarni savatlarga ajratadi. 

Superliga va Pro liganing jami 29 klubi ishtirokini guruh bosqichidan boshlaydi. Qolgan uch yo'llanma uchun esa 16 jamoa o'zaro kurash olib boradi. Shularning 15 tasi Birinchi liga qatnashchisi bo'lsa, FC Sonyc X havaskorlar jamoasi ham musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan. 

Joriy mavsumdan e'tiboran Birinchi liga qatnashchilari safiga qo'shilgan "Toshkent FA", "Samarqand FA", "Barkamol", "Havoqand", "Guliston", "Azur", "Sherdor" va ular qatorida FC Sonyc X jamoalari saralashning I bosqichida o'zaro to'rt juftlik hosil qiladi va ularning g'oliblari keyingi bosqichga yo'llanmani qo'lga kiritadi. 

"Toshkent VFA", "Jizzax FA", "Navoiy FA", "Qoraqalpog'iston FA", "Ahmedov", "Lokomotiv BFK", "Oq-tepa", "Do'stlik" kabi o'tgan mavsumda ham Birinchi ligada to'p tepgan klublar o'z yurishini II bosqichdan boshlaydi. Ular qatoriga I bosqichning to'rt g'olibi qo'shiladi va natijada umumiy 12 ishtirokchi olti juftlik hosil qiladi. G'oliblar hal qiluvchi bosqichga yo'llanma oladi. 

III saralash bosqichida 6 ishtirokchi uch juftlik hosil qiladi. Mazkur bellashuvlarda zafar quchgan klublar O'zbekiston Kubogining guruh bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritadi. 

Saralash bosqichiga 10 mart kuni qur'a tashlanadi. O'yinlar 20 mart sanasidan e'tiboran start oladi. Barcha bellashuvlarga "Ahmedov" futbol maktabi maydoni mezbonlik qiladi.



Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz