

“Osiyo futbol konfederatsiyasi bugun 5 nafar futbolchiga nisbatan o'z qonuniy organlarining qarorlarini e'lon qildi. Ularning barchasi O'rta Osiyo vakillaridir. Turkmaniston terma jamoasi a'zosi Sulaymon Muhadov doping qabul qilgani uchun 4 yilga futboldan chetlatildi. U o'z namunalarini Osiyo Kubogi-2019 vaqtida topshirgandi", deb yozadi Nikimbaev.
Bundan tashqari, Qirg'iston klublarida faoliyat olib borgan Kursanbek Sheratov (Dordoy), Vladimir Verevkin, Ilyaz Alimov, tojikistonlik Abdulaziz Maxkamovning (barchasi Oloy) 2017 hamda 2018 yillarda OFK Kubogida kelishilgan o'yinlarda qatnashgani uchun futbolga aloqador barcha sohalardan bir umrga chetlatilgani ma'lum qilingan. Shuningdek, Sheratov OFK Kubogi-2017 musobaqasi vaqtida totalizatorda ham ishtirok etgani aniqlandi.
“Xabarning ikkinchi qismi O'zbekistonda kelishilgan o'yinlarni tashkil qiluvchilarga ogohlantirish bo'lishi zarur. Oldin ma'lum qilganimdek, OFK kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashda Sportradar kompaniyasi bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Avvalroq, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham ushbu kompaniya bilan aloqa o'rnatgandi. Shunday qilib, biz to'g'ri yondashuv bilan shu kabi ishlarning ochilishiga guvoh bo'lishimiz mumkin", deya qayd etgan Nikimbaev.



