O'FF prezidenti rasmiy tashrif bilan Qatarga bordi

Narzulla Saydullayev
16 okt 2017
O'zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov Qatar Futbol Uyushmasining Prezidenti Shayx Hamad bin Xalifa bin Ahmad ol Taniyning taklifiga ko'ra Dohaga xizmat safari uyushtirib, dunyodagi eng yaxshi futbol akademiyalaridan biri sanalgan “Aspire”ga tashrif buyurdi.

“Aspire” bizda juda katta taassurot qoldirdi”, - deydi Umid Ahmadjonov O'FF matbuot xizmatiga. “Ertaga Qatar Futbol Uyushmasi bilan memorandum imzolanishi oldidan, o'ylaymanki, bugungi safar juda samarali bo'ldi. Biz ikki mamlakatda bolalar-o'smirlar futbolini rivojlantirish maqsadida ushbu akademiya bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yishni rejalashtirganmiz”.

Umid Ahmadjonov bugun, shuningdek, “Aspetar” sportga ixtisoslashgan tibbiyot markazida bo'ldi. O'FF delegaciyasi markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, “Aspetar”ning O'zbekiston futboli uchun foydali jihatlarini yaqindan o'rganishga muvaffaq bo'ldilar.

Umid Ahmadjonov 17 oktyabr kuni Dohada Qatar Futbol Uyushmasi prezidenti Shayx Hamad bin Xalifa Ahmad ol Taniy bilan uchrashadi. Uchrashuv yakunlariga ko'ra O'zbekiston va Qatar futboli rahbarlari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda.

Qatar safari Umid Ahmadjonovning O'FF prezidenti etib saylanganidan beri amalga oshirgan uchinchi xorijiy safaridir. Bunga qadar Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino va BAA futbol uyushmasi vice-prezidenti Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashgan edi.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com