"Nasaf" 10 yildan buyon Toshkentda "Paxtakor"ga gol ura olmayapti

Narzulla Saydullayev
25 iyun 2015, 12:18
Ertaga, XXIV O'zbekiston chempionati 14-turining markaziy uchrashuvida “Nasaf” jamoasi Toshkentda “Paxtakor” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Mazkur jamoalar o'rtasidagi uchrashuv doimo yurtimiz muxlislarida katta qiziqish o'yg'otib keladi.

Chempionatimizda barcha yetakchi klublarga munosib qarshilik ko'rsatishni uddalaydigan “ajdarlar” mana 10 mavsum ortda qolibdiki, Toshkentda “Paxtakor” jamoasi darvozasiga yo'l topa olmayapti.

Toshkentdagi oxirgi g'alabaga esa bundan ham ko'p yil bo'lgan, bu ham bo'lsa bir martagina sodir bo'lgan.

Jamoalar hozirgacha chempionatda 36 marta tuqnash kelishgan. Hamma ijobiy ko'rsatkichlar “Paxtakor” jamoasi tomonida.

Shunday bo'lsada, navbatdagi uchrashuv natijasini oldindan taxmin qilish qiyin. Toshkentda bo'lib o'tgan aksariyat o'yinlarda hakamlarni “ayblab” kelayotgan muxlislarni ham e'tiborga olgan, O'zbekiston PFL rahbariyati o'yinni boshqarish uchun mamlakatimizning eng tajribali hakami Ravshan Ermatovni tayinladi.

Qani ko'ramiz, balki bu safar Ro'ziqul Berdiev shogirdlari “Paxtakor” darvozasini ishg'ol qilishni uddasidan chiqishar.

Eslatib o'tamiz, uchrashuv ertaga 26 iyun juma kuni kech soat 19:30da “Paxtakor” markaziy stadionida boshlanadi. Uchrashuv shuningdek “Sport” telekanali orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish ham etiladi.

Jamoalarning o'rinbosarlari o'rtasidagi uchrashuv bugun Qibraydagi stadionda soat 17:30da boshlanadi.

Qiziqarli uchrashuvni o'tkazib yubormang.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: voha.uz