Mirjalol Qosimov: "Yaponiya xatoni kechirmaydigan terma jamoa"

Narzulla Saydullayev
31 mar 2015, 20:54
Yaponiya terma jamoasiga qarshi kechgan o'yindan so'ng (1:5) O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida o'z fikrlarini bildirdi:
"Natijadan qoniqqanim yo'q. Bugun o'z imkoniyatlarimizdan past o'yin ko'rsatdik. Yaponiyaga qarshi o'yinda buncha ko'p xato qilsang, darhol jazolanasan", - deydi Qosimov.

"Uchrashuv o'rtoqlik maqomida bo'lgani uchun ilk daqiqalardan ochiq futbol o'ynashga urindik, shu bois ikki hujumchini maydonga tushurdik. Biroq raqib ham himoyada, ham hujumda birdek yaxshi o'ynadi. Yaponiyaning qarshi hujumlardagi tezkorligini alohida ta'kidlab o'tgan bo'lardim. Bugun biz optimal tarkibda o'ynamaganimiz ham natijaga ta’sir qildi, lekin o'rtoqlik uchrashuvlari aynan zaxira futbolchilarni sinovdan o'tkazib olish uchun ham kerak", - deydi bosh murabbiy.

"Bugun ko'p imkoniyatlarga ega bo'lgandik, afsuski ulardan foydalana olmadik va yirik hisobda mag'lub bo'ldik. Biroq qo'lni tushurish kerak emas. To'g'ri xulosalar chiqarib rasmiy o'yinlarga tayyorgarlik ko'rish kerak. JCH-2018 saralashiga qadar biz yana bitta o'rtoqlik o'yinini o'tkazamiz", - deydi Mirjalol Qosimov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com