Mirjalol Qosimov: "Yangi mavsumda ham o'z oldimizga yuksak maqsadlarni qo'yamiz"

Narzulla Saydullayev
20 fev 2014, 16:35
Bugun "Bunyodkor" klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
"Mavsumoldi yig'inlarda biz futbolchilarni jismoniy holatiga e'tibor qaratdik. Nazorat o'yinlarida natija muhim emas edi. Xorijiy yig'inlar yoshlarga juda ham foydali bo'ldi. Yangi mavsumda ham o'z oldimizga yuksak maqsadlarni qo'yamiz. 26 fevral kuni Saudiya Arabistonida "Al Fath" klubiga qarshi 2014 yildagi dastlabki rasmiy uchrashuvimizni o'tkazamiz. Tarkibida yulduz yo'q, biroq jamoa sifatida shakllangan. Bu jamoani yaxshi o'rgandik, - deb gap boshladi Mirjalol Qosimov.

– Legionerlar borasida nima deya olasiz? Nima uchun aynan shu futbolchilar tanlandi.
– Masalan, ukrainalik Sergey Simonenko rus tilini biladi. U juda aqlli, jismoniy holati yaxshi, gavdasi ham katta. Karlos esa ispaniyalik futbolchi. Ispan futboli hozirda jahon futbolida yetakchi bo'lib turibdi.

– Jamoada yaponiyalik va turkmanistonlik futbolchilar ko'rikda bo'lishdi. Ularni olishga pul yetmadimi?
– Yo'q, pulimiz yetmadi deya olmayman. Yaponiyalik futbolchini sinovdan o'tkazdik, bu yerda moliyaviy holat emas uning jismoniy holati rol o'ynadi.

– Anvar G'ofurov kutilmaganda "Lokomotiv"dan qaytib keldi. Klub uni qanday qabul qildi?
– Ochiqchasiga aytaman, biz futbolchilarni majburlab o'ynatmaymiz. Har kim o'zi uchun klub tanlaydi. Anvar G'ofurov ketishidan oldin yuragi shu yerda qolayotganini aytgandi. Men uning uchun klub eshiklari hamisha ochiqligini ma'lum qilgandim.

– Ispaniyalik Karlos Koto Barselona klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Bu futbolchi "Bunyodkor"da qanday o'rin tutadi?

– Agarda futbolchi juda kuchli pleymeker bo'lsa butun jamoani uning atrofida tashkil qilish mumkin. Ammo biz jamoaviy o'yin namoyish etamiz.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia