Mirjalol Qosimov iste'foga chiqqani maqulmi?

Narzulla Saydullayev
17 sen 2013, 13:31
Avvalo milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklaymiz.
U kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik hamda kelgusi faoliyatiga omad va zafarlar tilaymiz.

Endi maqsadga o'tsak. Kecha o'zbek futbolini yoritib borayotgan barcha saytlarda “O'FF prezidenti Mirjalol Qosimovning iste'fosini qabul qilmadi” mazmunda xabar chiqdi. Xabarda aytilishicha, O'FF rahbari Mirabror Usmonov Mirjalol Qosimovning iste'fosini qabul qilmagan hamda avvaldan belgilangan strategiya – milliy terma jamoa asosini jahon chempionatida toblangan iqtidorli yoshlar bilan to'ldirib borish vazifasini davom ettirishga chaqirgan.  

Mazkur xabar internet saytlarida e'lon qilingach, sayt foydalanuvchilari tomonidan bu borada turli munosabatlar bildirildi va hamon bildirilmoqda. Bizga yoqmayotgan jihati aksariyat fikr bildiruvchilarning masalaga to'g'ri yondoshmasdan murabbiyni ochiqchasiga so'kishi, shaxsiyatga tegadigan gaplarni yozishi yoki kurakda turmaydigan so'zlar bilan haqoratlashi bo'lyapti.

Avvalo sayt matbuot maydoni ekanini unutmaylik. To'g'ri, bunda har kim o'z fikrini bildirish imkoniyatiga ega, lekin birovni ustidan kulishga va ayniqsa, haqorat qilishga hech kimning haqqi yo'q.

Mirjalol Qosimov terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqa olmadi va vazifa bajarilmagach, iste'fo berishni lozim ko'rdi. Bu jahon futbolida bor narsa. Odatda missiya bajarilmagach, murabbiy iste'foga chiqariladi. Qolaversa, Qosimovning o'zi ham terma jamoadan ketishga tayyor, faqat futbolimiz rahbari unga ruxsat bersa bo'lgani.

Lekin nima sababdan Mirabror Zufarovichning unga ruxsat bermayotganini ochig'i tushunmayapmiz. Hozir O'FF oldida yagona yo'l turibdi, iloji boricha tezroq kadrlar siyosatida o'zgarishlarni amalga oshirish. Bosh murabbiyni almashtirish ham mana shu kadrlar siyosatiga kiradi. Shunday ekan, O'FF tezroq chora ko'rmasa bo'lmaydi. Axir oldimizda to yangi yilgacha yana uchta rasmiy bahs bor. Avvalo uyda Vetnam bilan o'yin, keyin noyabrda Vetnam va Gonkongga qarshi safardagi bahs. Bu uchrashuvlar Osiyo Kubogi-2015 saralash bahslari ekanini eslatib o'tmoqchimiz.

JCH-2014ga chiqish vazifasi ijobiy hal etilmaganidan keyin bosh murabbiydan tortib futbolchilarning ham hafsalasi pir bo'lgani aniq. Bunday paytda Qosimovning o'zi aytganidek terma jamoaga “yangi qon” kerak bo'ladi va “qon almashtirish”ni avvalo bosh murabbiyning o'zidan boshlash kerak. Chunki Osiyo Kubogi saralash bahslarida yangi qiyofalarni ko'rmasak bo'lmaydi. Bu esa o'z navbatida futbolchilar uchun ham foydali bo'lishi mumkin.

Ayni paytda O'FF oldida talaygina muamolar qatorlashib turibdi. Birinchisi, 15 oktyabr kuni o'z maydonimizda Vetnam bilan o'ynashimiz ma'lum, xo'sh, shu o'yingacha o'rtoqlik uchrashuvi o'tkaziladimi? Vetnam Toshkentga kelishdan oldin Doxada Qatar bilan o'ynarkan. Biz-chi? Taqvimga qarasak, 11 oktyabr – milliy terma jamoa o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadigan kun sifatida belgilangan. Ammo haligacha raqibning kimligi va umuman o'yin bo'lish-bo'lmasligi noma'lum.

Ikkinchi asosiy masala esa yanvar oyida Ummonda bo'lib o'tadigan U-22 Osiyo chempionatida bizdan qaysi yosh toifasidagi futbolchilarning qatnashishiga haliyam aniqlik kiritilmagan. Musobaqaga 1991-92 yilda tug'ilganlar boradimi yo 1993-94lar borishadimi, rasman aytilgani yo'q. 1993-94lar boradigan bo'lsa, unda 1991-92larni boy berib qo'yishimiz mumkinligi xususida esa aftidan hech kim bosh qotirmayotganga o'xshaydi.

Shulardan kelib chiqib, O'FFda terma jamoalar bilan olib borilayotgan ishlarda kamchiliklar bisyor deb o'ylaymiz va ayni paytda Mirjalol Qosimovning iste'fosini maqullaymiz. Madomiki, Mirjalol Qosimov shunday yo'l tutishga qaror qilgan ekan, buni qo'llab-quvvatlashimiz lozim. Chunki murabbiylik oson kasb emas va ikki joyda ishlash Qosimovga bir qator qiyinchliklarni olib kelgan.

Shunday ekan, O'FF rahbariyati tez orada murabbiyning rad etilgan iste'fosini qabul qilishi ayni muddao degan fikrdamiz. Shunday qilinsa, bu o'z navbatida Qosimov uchun ham yaxshi bo'ladi. Terma jamoa esa yangi bosh murabbiy boshchiligida yo'lida davom etishi zarur. Yangi murabbiy kim bo'ladi deysizmi? Menimcha, buni hozircha boshqa nomzodga ega bo'lmagan va bu borada hatto bosh qotirmayotgan O'FF hal qilsa kerak.

Xayrulla XOLIQOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia